Urganchda Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan Osiyo kubogi boshlandi
Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida milliy sportimiz kurash bo‘yicha Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan V Osiyo kubogining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
10 dan ziyod davlatning 200 nafarga yaqin yosh kurashchilari bellashayotgan qit’a kubogining ochilish marosimida ishtirok etgan Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi texnik direktori Ravi Kapur, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining sport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Uyg‘un Umarov va boshqalar uch ming yillik tarixga ega milliy sportimiz kurashni xalqaro maydonda rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli qisqa fursatda jahon sport terminologiyasida o‘zbekona iboralarni o‘zida mujassam etgan kurashning o‘rin olishi tarixiy voqelik ekanini ta’kidlashdi.

Qolaversa, yurtimizda ommaviy sport harakatini yangi bosqichga olib chiqish, professional sportchilarni tayyorlash, milliy sport turlarini rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natijasida azaliy qadriyatlarimiz xalqaro maydonda ulug‘lanmoqda.
An’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan xalqaro musobaqa kurash bo‘yicha yangi chempionlarning yetishib chiqishiga xizmat qilishi e’tirof etildi.

15-16 yoshli o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan V Osiyo kubogi musobaqalari 20-aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA