“Ufq” spektaklining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning “Ufq” romanida jahonda hech qaysi tilga tarjima qilib bo‘lmaydigan tushunchalar – oriyat, diyonat, hamiyat kabi qadriyatlarimiz g‘oyat hayotiy tarzda ochib berilgani, davr silsilalaridagi voqeliklar, Ikkinchi jahon urushi, ijtimoiy muhitning inson hayoti, millionlar taqdiriga ta’siri betakror badiiy ifoda etilgani bilan adabiyot muxlislari mehrini qozongan.
O‘zbekiston davlat drama teatrida ustoz yozuvchi Said Ahmadning “Ufq” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklning premerasi bo‘lib o‘tdi. Bir yo‘la to‘rt kun davom etgan ushbu spektakl taqdimoti mamlakatimiz teatr san’ati muxlislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Mazkur adabiy-badiiy asarni sahnaviy formatga o‘tkazishda – inssenirovka qilishda ustoz rejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston Davlat mukofoti sovrindori Olimjon Salimovning xizmatlari, ayniqsa, beqiyos bo‘ldi. Spektakl rejissyor Samidxon Lutfullayev tomonidan sahnalashtirildi.

Aytish kerakki, “Ufq” spektakli yurtdoshlarimizning insoniylik, vatanparvarlik va metin irodasini g‘oyat ta’sirchan va hayotiy ifodalagani bilan diqqatga sazovordir. Spektaklning muvaffaqiyatida albatta ustoz Olimjon Salimov, rejissyor Samidxon Lutfullayev, mahoratli aktyorlar tarkibining yuksak professional yondashuvi muhim o‘rin tutadi. Teatr muxlislari spektaklni katta qiziqish bilan kutib oldilar.

“Ufq” o‘zbek adabiyotida chuqur falsafiy va ijtimoiy ma’no kasb etgan asarlardan biri bo‘lib, unda inson taqdiri, ijtimoiy o‘zgarishlar va ma’naviy izlanishlar keng yoritilgan. Sahna ko‘rinishida esa bu mavzular zamonaviy aktyorlik mahorati va teatr san’atining imkoniyatlari orqali jonlantiriladi.
O‘zbek sahna san’ati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan “Ufq” spektakli teatr repertuaridan munosib o‘rin olishi shubhasiz.
Spektakl taqdimotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.
N.Usmonova, O‘zA