Uch bokschimiz Braziliyada final yo‘llanmasi uchun jang qiladi
Braziliyaning Fos du Iguasu shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida “World Boxing” tashkiloti kubogining birinchi bosqichida o‘zbek charm qo‘lqop ustalari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Jumladan, vazni +90 kg. bo‘lgan Jahongir Zokirov musobaqadagi ikkinchi jangini Bolgariya vakili Yordan Morejonga qarshi o‘tkazdi va 5:0 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa yarim finalga chiqqan charm qo‘lqop ustamiz bugun final ostonasida armanistonlik David Chaloyanga qarshi ringga ko‘tariladigan bo‘ldi.
Iste’dodli bokschimiz Navbahor Hamidova -65 kg. vaznda mezbon Beatriz Gomesga qarshi bahs olib bordi va raqibini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Endi Navbahor bugun tashkil etiladigan yarim final jangida angliyalik Sasha Xikeyga qarshi jang qiladi.
Shuningdek, 25-aprel kungi yarim final dasturida vazni 48 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida Farzona Fozilova ispaniyalik Marta Lopes Del Arbolga qarshi bellashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA