Turli millat vakillari o‘zbekcha kuylashdi
M.V.Lomonosov nomli Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. “Yoshlar ma’naviyati nechog‘li kuchli bo‘lsa, shu darajada ular yot g‘oyalar, hodisalardan himoyalangan bo‘ladi” mavzusida tashkil etilgan uchrashuvda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat vazirliklari mutasaddilari, poytaxtimizda joylashgan bir qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari mas’ullari, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlash joiz, mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning dastlabkisi - yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladigan chora-tadbirlarga hamohangligi bilan ahamiyatli.


Umuman olganda, bunday uchrashuvlar mutlaqo yangi tizim asosida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash, talabalarda vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otishga yordam beradi.
Anjuman doirasida M.V.Lomonosov nomli Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali tomonidan «Yalla» vokal-cholg‘u ansambli qo‘shiqlarini ijro etish bo‘yicha tashkil etilgan onlayn-konkurs yakuniy natijalari ham e’lon qilindi.


Oktyabr oyi mobaynida davom etgan tanlov dasturiga ko‘ra, turli millat vakillaridan iborat mazkur oliy ta’lim muassasasi talabalari «Yalla» jamoasi a’zolari repertuaridan o‘rin olgan o‘zbek tilidagi ko‘plab ashulalarni ham mahorat bilan kuylashdi. Tabiiyki, ishtirokchilar ijrosini baholashda hakamlar hay’ati ana shu jihatlarga ham alohida e’tibor qaratishdi.
Tadbir so‘ngida mamlakatimizning afsonaviy ijodiy guruhi rahbari, «O‘zbekiston xalq artistlari klubi» raisi Farrux Zokirov tanlov g‘olib va sovrindorlari hamda bir necha shartlar bo‘yicha e’tirof etilgan eng faol ishtirokchilar safidan o‘rin olgan 7 nafar talabaga diplom, esdalik sovg‘alari topshirdi.

G‘ayrat XONNAZAROV, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA