Turkmaniston va O‘zbekiston konservatoriyalari o‘rtasida yangi hamkorlik
Yurtimiz oliy ta’lim dargohlari xorijiy davlatlarning o‘z yo‘nalishidagi oliy ta’lim maskanlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga Maya Kuliyeva nomidagi Turkman milliy konservatoriyasi rektori Rasul Amangeldiyev tashrif buyurdi.
Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik va uning istiqbollari, musiqa ta’limi hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuv dasturlari, qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar hamda konsert dasturlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar ko‘rib chiqildi.
Rasul Amangeldiyev ikki qardosh xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va madaniy aloqalar mustahkam poydevorga ega ekanini ta’kidlab, Turkman milliy konservatoriyasida faoliyat olib borayotgan bir qator professorlar O‘zbekiston davlat konservatoriyasi bitiruvchilari ekanini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish har ikki tomon uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim, ilm-fan va ijodiy faoliyat yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.
N.Usmonova,
O‘zA