Turkiyada 2 000 yillik haykal tiklandi
Turkiyaning Burdur viloyati Go‘lhisor tumani yaqinida joylashgan Kibira qadimiy shahri Anadoludagi Rim davri merosi muhim yodgorligi hisoblanadi. Tarixi Ilk temir davriga borib taqaladigan shahar miloddan avvalgi IV-III asrlarda hozirgi joyiga ko‘chgan. Keyinchalik, Rim hukmronligi davrida mintaqaning muhim siyosiy, ma’muriy va madaniy markaziga aylangan.
Kibira miloddan avvalgi I asrda Bubon, Bolbura va Oynoanda bilan birga to‘rt shahardan iborat ittifoq – tetrapolis tarkibida edi. Miloddan avvalgi 84-83 yillarda Rim generali Murena tomonidan bu ittifoq tugatilib, Kibira Rimning Osiyo viloyati tarkibiga kiritilgan. Milodiy 23 yildagi kuchli zilziladan keyin imperator Tiberiyning moliyaviy yordami bilan shahar qayta tiklangan.
O‘sha davrda yuksalgan Kibirada bugunga qadar stadion, teatr, agora, bazilika, hammom va Odeon kabi yirik me’moriy inshootlar qoldig‘i saqlanib qolgan. Shahar 2016-yil YUNESKO Jahon merosi vaqtincha ro‘yxatiga kiritilgan.
Ana shu tarixiy shaharda olib borilayotgan arxeologik qazishmalar bugun ham yangi topilmalar bilan Kibiraning asl ahamiyatini ochib bermoqda. Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi “Kelajakka meros” loyihasi doirasida “Burdur Mehmet Akif Ersoy Üniversitesi” ishtirokida olib borilayotgan qazishma chog‘i Rim imperatori Xadrianga tegishli marmar haykal qismlari qayta birlashtirildi. Natijada balandligi 2 metr 14 santimetr mahobatli haykal qayta qad rosladi.
Taxminan milodiy 130-yillarga mansub deya baholanayotgan haykalda imperator harbiy qo‘mondon qiyofasida tasvirlangan. Afyon-Do‘ger va Isjehisor hududlaridan keltirilgan marmardan ishlangan asar zirhida sher va burgut timsoli aks etgan. Jarayonda turli davrlarda topilgan qismlarni birlashtirish muhim ahamiyat kasb etdi. Qazishma davomida aniqlangan Xadrian boshi portreti avvalroq topilgan zirhli tana qismi bilan solishtirilganda ikki bo‘lak bir haykalga tegishliligi aniqlandi.
Izlanish chog‘i jami 20 parcha, masalan Xadrianning rafiqasi, Qirolicha Sabinaga tegishli bo‘laklar, shuningdek balandligi 1 metr 86 santimetr yana bir zirhli haykal, ikki qismdan iborat ayol timsoli va taxminan 30 santimetrlik soqolli erkak boshi ham topilgan.
Tadqiqotchilar ushbu haykallar Kibiradagi Yodgorlik-shaharga kirish darvozasi yuqori qismida joylashgan, deb faraz qilyapti. Asarlar 417 yil sodir bo‘lgan kuchli zilzila payti balandlikdan qulab, parchalangani ehtimoli ilgari surilgan.
Haykallar Xadrianning Anadolu safari bilan bog‘liq holda yaratilgani ham taxmin qilinmoqda. Faqat yodgorliklar aynan imperatorning Kibiraga tashrifi munosabati bilan o‘rnatilganini tasdiqlovchi aniq dalil hozircha mavjud emas.
Kibiradagi arxeologik ishlar haykallar bilan cheklanmaydi. Monumental shaharga kirish darvozasi atrofida 2500 ga yaqin me’moriy majmua tasnifdan o‘tkazilgan. Bu ishlar qadimiy inshootlarni ilmiy asosda tiklash uchun muhim tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.
Restavratsiya va qazish ishlari yakunlangach, tiklangan arxeologik asarlarni Burdur muzeyida namoyish etish rejalashtirilgan.
Nodira Qayumova, O‘zA
Turkiya