Turkiy xalqlar adabiyoti va folklorining dolzarb masalalari muhokama qilindi
FOTOREPORTAJ
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Filologiya fakulteti qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi tashabbusi bilan “Turkiy tilli xalqlar adabiyoti tarixi, folklorini o‘rganishning dolzarb masalalari va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazildi.
Unda turkiy xalqlar adabiyoti va folklorining rivojlanish tarixi, o‘ziga xos badiiy-estetik xususiyatlari, milliy qadriyatlarni ifodalashdagi o‘rni, folklor namunalarini zamonaviy usullar asosida tadqiq etish, adabiyotshunoslik va folklorshunoslikda innovatsion yondashuvlarni qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston hamda O‘zbekistonning qator oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlaridan professor-o‘qituvchilar, olim va tadqiqotchilar, doktorant, magistrant hamda talabalar ishtirok etdi.
Ma’ruzalarda turkiy tilli xalqlar adabiyoti tarixining muhim bosqichlari, mumtoz va zamonaviy adabiyot namunalari, xalq og‘zaki ijodining janriy xususiyatlari, dostonchilik an’analari, xalq qo‘shiqlari, maqol va matallar, afsona hamda rivoyatlarning badiiy va tarixiy ahamiyati haqida fikr almashildi.
[gallery-31633]
Shuningdek, adabiyot va folklor namunalarini o‘rganishda raqamli texnologiyalardan foydalanish, zamonaviy tadqiqot usullarini joriy etish, fanlararo yondashuv va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA