Tuman hokimlari xalq dardini tinglamoqda
Termiz tumani hokimi Shuhrat Qalandarov tuman Xalq qabulxonasida aholini qiynayotgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish uchun murojaatchilar bilan yuzma-yuz muloqot qildi.
Prezidentimiz topshirig‘i bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman, shahar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari Xalq qabulxonalarida muntazam shaxsiy qabullar o‘tkazishi belgilab berildi. Shunga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham aholining murojaatlari bilan ishlash va ularning dardu tashvishlarini tinglashga e’tibor yanada kuchaydi. Odamlar duch kelayotgan muammolarni hal etishga mas’uliyat oshdi.

Termiz tumani hokimining xalq bilan muloqoti uch soat davom etdi. Qabulda 30 dan ortiq fuqaroning kommunal soha, ish bilan ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yer va infratuzilma kabi masalalarga oid 50 ga yaqin murojaati eshitildi. Ulardan 12 tasi joyida yechim topdi. 14 ta murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi. Qo‘shimcha o‘rganish hamda resurslarni jalb qilish talab etiladigan 22 ta murojaat mas’ul idora, tashkilotlar nazoratiga olinib, ularning ijrosi bo‘yicha aniq muddat va vazifalar belgilab berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri