Tramp sulh e’lon qildi, Zelenskiy esa kelishuvdan bexabar
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumni darhol to‘xtatishga kelishganini e’lon qildi. Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy esa bunday kelishuv haqida birinchi marta Tramp bayonotidan eshitganini aytdi. Demak, Vashington e’lon qilgan "energetika sulhi" amalda kuchga kirgani hozircha to‘liq tasdiqlanmagan.
Kiyevning yondashuvi o‘zgarmagan: Ukraina Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berilishini to‘xtatishga tayyor. Faqat bu Moskva ham Ukraina energetika ob’ektlariga hujumni to‘xtatgandagina amalga oshadi. Zelenskiy ayni kelishuv quruq va’da emas, aniq kafolatga tayanishi shartligini ta’kidladi.
Energetika sulhi haqidagi bayonot Tramp Zelenskiyni Rossiya neft korxonalariga hujumni to‘xtatishga ochiqchasiga chaqirganidan bir kun o‘tib yangradi. Ukraina rahbari esa saylov o‘tkazish masalasida Moskvaga shart qo‘ydi: Rossiya 60 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, Kiyev saylovni tashkil etishga kirishadi. Ukraina qonunchiligi harbiy holat davrida saylov o‘tkazishni taqiqlaydi.
Musulmon Ziyo, O‘zA