Tramp Eronni iqtisodiy qamalga olmoqchi (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi misli ko‘rilmagan miqyosdagi iqtisodiy operatsiya boshlanganini ma’lum qildi. U Tehronni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarga ham og‘ir iqtisodiy choralar ko‘rilishi bilan tahdid qildi, deb xabar berdi DW nashri
Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozishicha, Eronga AQSH bilan kelishuvga erishish imkoniyatini bergan, ammo, uning aytishicha, Eron bu imkoniyatdan foydalanmagan.
«Shuning uchun bugun men har qanday davlatga qarshi qo‘llanilgan eng kuchli iqtisodiy operatsiyani boshlayotganimni e’lon qilaman. Bu misli ko‘rilmagan miqyosdagi iqtisodiy urush va qamal bo‘ladi», — deb yozdi Tramp.
Trampning ta’kidlashicha, Eronning harbiy-dengiz kuchlari yo‘q qilingan, harbiy-havo kuchlari mag‘lub etilgan, harbiy zavodlari vayron qilingan. Shuningdek, mamlakat milliy valyutasi qadrsizlangan va Eron juda og‘ir ahvolga tushib qolgan.
Tramp, shuningdek, Eronga har qanday shaklda yordam ko‘rsatadigan davlatlarni ogohlantirdi.
«Eronga moliyaviy muassasalar, kompaniyalar, aeroportlar yoki davlat tashkilotlari orqali yordam ko‘rsatishga yo‘l qo‘yadigan har qanday davlat ulkan iqtisodiy oqibatlarga duch keladi», — dedi u.
Uning aytishicha, Eronga neft kontrabandasi, valyuta ayirboshlash operatsiyalari, pul o‘tkazmalari, banklararo moliyaviy kelishuvlar va soxta kompaniyalar orqali yordam berish darhol to‘xtatilishi kerak.
Tramp Eronni iqtisodiy qamal qilish va uning tahdidlarini bartaraf etish uchun AQSHning barcha ittifoqchilari Vashington tomonida turishi kerakligini ta’kidladi.
Uning fikricha, Eron hozir burchakka qisib qo‘yilgan. Tramp bu tarixiy iqtisodiy choralar bilan Eronning dunyo bo‘ylab terrorni tarqatish qobiliyatini falaj qilishini aytdi.
https://youtube.com/shorts/3yiGHA6hhkM
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA