Toshkentda yer munosabatlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi
2026-yil 20–21-aprel kunlari Toshkent shahrida “Markaziy Osiyoda yer munosabatlari va yer siyosati tarix nigohida (Temuriylar davridan shu kungacha)” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur konferensiya yer munosabatlari va yer siyosati rivojlanishining tarixiy bosqichlarini chuqur o‘rganish, zamonaviy yondashuvlar va innovatsion texnologiyalarni muhokama qilish, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Konferensiyaning ochilish marosimida yer resurslaridan oqilona foydalanish, tarixiy tajriba va zamonaviy islohotlarning uyg‘unligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, yer munosabatlarini takomillashtirish iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim omillardan biri hisoblanadi.
[gallery-28851]
Anjuman doirasida bir qator dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi va muhokamalar o‘tkazildi. Jumladan, Temuriylar davrida yer egaligi tizimi va uning tarixiy ahamiyati, Markaziy Osiyoda yer siyosatining evolyutsiyasi, zamonaviy kadastr tizimini rivojlantirish, geoaxborot texnologiyalari asosida yer resurslarini monitoring qilish hamda ko‘chmas mulkni baholashning zamonaviy mexanizmlari muhokama qilindi.
Shuningdek, konferensiya doirasida “Yer munosabatlari va yer siyosati (Temuriylar davridan hozirgi kungacha)” nomli ilmiy nashr taqdimoti ham o‘tkazildi. Mazkur kitobda yer munosabatlarining tarixi, huquqiy asoslari va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari ilmiy jihatdan tahlil qilingan.
Tadbirning ikkinchi kuni ishtirokchilar Respublika aerogeodeziya markazi hamda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, sohadagi ilg‘or tajribalar va tarixiy meros bilan yaqindan tanishadi.
Mazkur xalqaro konferensiya ilmiy tajriba almashish, dolzarb muammolarni muhokama qilish hamda Markaziy Osiyoda yer siyosati va yer munosabatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.
Anjuman doirasida bildirilgan taklif va tavsiyalar yer resurslaridan samarali foydalanish, kadastr tizimini takomillashtirish va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
— Bugungi anjuman yer munosabatlari sohasidagi tarixiy tajriba va zamonaviy islohotlarni birlashtirgani bilan ahamiyatli, — deydi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo. — Ayniqsa, Temuriylar davrida shakllangan yer boshqaruvi tizimi Markaziy Osiyo davlatlarida davlat boshqaruvi va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda muhim o‘rin tutgan.
Bugungi kunda ham yer resurslarini boshqarish masalasi dolzarbligini saqlab qolmoqda. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yer resurslaridan samarali foydalanish iqtisodiy o‘sish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlarida qishloq xo‘jaligi, sanoat va infratuzilma rivoji bevosita yer resurslariga bog‘liq. Shu bois yer munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etish iqtisodiy barqarorlikka xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA muxbiri