Toshkentda O‘zbekiston va Afg‘oniston tadbirkorlari uchrashdi
Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan O‘zbekiston-Afg‘oniston xususiy sektor vakillarining biznes uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Afg‘onistondan 80 nafar tadbirkor va O‘zbekistondan 200 dan ziyod kompaniya vakillari ishtirok etdi. Savdo-sanoat palatasining xabar berishicha, uchrashuv oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika va avto ehtiyot qismlari kabi 7 ta yo‘nalishda tashkil etilgan.

Forumning ochilish marosimida palata raisi Davron Vahobov, Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi o‘rinbosari Aryan Azimi Hoji Mohammad Alem hamda sohaning boshqa vakillari qatnashdi.
Ta’kidlanishicha, 2025 yil davomida Kobul va Mozori-Sharifda o‘tkazilgan tadbirlarda 120 dan ortiq o‘zbek kompaniyasi ishtirok etib, umumiy qiymati 60 million dollardan ziyod shartnomalar imzolandi. Faqatgina avgust oyida Kobulda o‘tgan biznes-forum yakunlariga ko‘ra, 45 dan ziyod kelishuvga erishildi.

Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi ortib bormoqda.
Uchrashuv doirasida B2B formatida muzokaralar ham tashkil etilib, savdo hamkorligini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyaviy tashabbuslarni muhokama qilish hamda Afg‘oniston bozorida eksport salohiyatini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qayd etish kerak, Afg‘oniston bozorida O‘zbekiston Savdo uylari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, Kobul shahridagi Savdo uyi shourum va omborxonaga ega bo‘lib, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etmoqda. Mozori-Sharif shahridagi Savdo uyi esa farmatsevtika va elektr texnikasi mahsulotlariga ixtisoslashgan.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA