Toshkentda ko‘chmas mulk narxlari o‘sishda davom etmoqda
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazining malum qilishicha, 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi kuzatildi. Tegishli tahlillar poytaxtdagi ko‘p kvartirali uylar, yakka tartibdagi turar joylar hamda noturar ob’ektlar qiymatida ijobiy dinamika saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning bir kvadrat metr uchun o‘rtacha bozor narxi 3 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yuqori o‘sish Olmazor va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilib, mazkur hududlarda narxlar 5,2 foizga ko‘tarilgan.

Yakka tartibdagi uy-joylar segmentida ham narxlar o‘sishi davom etdi. Bir sotix yer maydoni hisobiga o‘rtacha bozor qiymati 2,3 foizga oshgan. Bu yo‘nalishda eng yuqori o‘sish Mirobod tumanida kuzatilib, narxlar 6,6 foizga qimmatlashgan. Aksincha, Sergeli va Yangihayot tumanlarida narxlar 3,1 foizga pasaygani qayd etildi.
Noturar ob’ektlar bozorida ham ijobiy tendensiya saqlanib, bir kvadrat metr uchun o‘rtacha bozor narxi 1,9 foizga o‘sgan. Ushbu segmentda eng yuqori o‘sish Olmazor tumani hissasiga to‘g‘ri kelib, narxlar 5 foizga oshgan. Shu bilan birga, Bektemir tumanida noturar ob’ektlar qiymati 1,2 foizga pasaygan.
Qayd etilishicha, poytaxtda aholi sonining ortishi, yangi infratuzilma ob’ektlarining barpo etilishi hamda investitsiyaviy jozibadorlikning oshishi ko‘chmas mulk bozoridagi faollikni saqlab turishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, markaziy va infratuzilmasi rivojlangan tumanlarda talab yuqori bo‘lib qolayotgani narxlar o‘sishiga asosiy omillardan biri sifatida baholanmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA