Toshkentda favvoralar yana jonlandi
1-may — Favvoralar kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi barcha favvoralar yana ishga tushirildi. Bu an’ana har yili bahorning iliq nafasi bilan birga shaharga alohida fayz va ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi.
Ertalabdanoq shahar ko‘chalarida harakat jonlandi. Ayniqsa, Amir Temur xiyoboni, Mustaqillik maydoni va barcha istirohat bog‘laridagi favvoralar atrofida odamlar gavjum. Ota-onalar farzandlari bilan sayr qilmoqda, yoshlar esa rang-barang suv jilvalari fonida suratga tushmoqda.

Shahar hokimligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan favvoralarning texnik holati tekshirilib, aholi uchun qulay va xavfsiz sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi. Shuningdek, atrof-muhitni toza saqlash va jamoat tartibiga rioya qilish bo‘yicha ham targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

—Katta o‘g‘lim oilasi bilan poytaxtda yashaydi. Ayolim bilan tez-tez mehmonga kelib turamiz, — deydi Samarqand viloyatidan kelgan Azim ota Mavlonov. — Bugun ertalabdan birgalashib mustaqillik maydoniga aylanishga keldik. Shu yerga kelsak, ko‘nglimiz yoziladi. Suvning sharqirashi, odamlarning kulgisi — barchasi yurakka iliqlik beradi. Ilgari ham shunday joylarda yoshligimiz o‘tgan, hozir esa xotiralar bilan yashayapmiz.

Shukr, yurtimiz tinch, shunday go‘zal kunlarni ko‘ryapmiz. Yoshlar ham shuni qadrlasa, bizga shuning o‘zi yetarli. Favvoralar nafaqat shahar ko‘rki, balki havoni namlab, atrof-muhitga salqinlik bag‘ishlaydigan muhim omil hisoblanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ular shahar ekologiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, aholi uchun qulay muhit yaratadi.

Kechga yaqin esa favvoralar yanada go‘zal manzara kasb etadi. Yorug‘liklar bilan uyg‘unlashgan suv jilvalari poytaxt aholisi va mehmonlariga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashmoqda.
Shu tariqa, Favvoralar kuni Toshkentda bahor nafasi, go‘zallik va hordiqni mujassam etgan ayyom sifatida keng nishonlanmoqda.
Nigora Rahmonova,
O‘zA