Toshkentda 25-apreldan 4 ta avtobus yo‘nalishi o‘zgaradi
Toshkent shahrida jamoat transporti tizimini takomillashtirish doirasida 25-apreldan boshlab 106, 7, 141 va 103-sonli avtobus yo‘nalishlariga o‘zgartishlar kiritiladi. Bu haqda shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar yo‘nalishlar o‘rtasidagi takrorlanishlarni bartaraf etish, harakat intervallarini qisqartirish hamda yo‘lovchilar uchun yanada qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Jumladan, 106-sonli avtobus yo‘nalishi qisqartirilib, endilikda u «Uchxoz mahallasi»dan «Xalqaro aeroport»gacha bo‘lgan oraliqda harakatlanadi. Ilgari mazkur avtobus «Saodat» savdo markazigacha qatnar edi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aeroportdan «Saodat» savdo markazigacha bo‘lgan hududda hozirning o‘zida 11, 40, 45, 47, 67, 76, 77 va 94-sonli avtobuslar xizmat ko‘rsatmoqda. Shu bois yo‘lovchilar uchun muqobil transport imkoniyatlari saqlanib qoladi.
7-sonli avtobus yo‘nalishining Yunusobod 19-dahasidan 9-dahasigacha bo‘lgan bir tomonlama harakat qismi ham o‘zgarmoqda. Endi avtobus Yangi shahar va Rixsiliy ko‘chalari orqali harakatlanib, Amir Temur ko‘chasiga chiqmaydi. Ushbu hududda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa avtobus yo‘nalishlari ham mavjud.
Shuningdek, 141-sonli «Karvon bozori — Paxtakor metrosi» yo‘nalishining ayrim qismi qayta tashkil etiladi. Yangi tartibga ko‘ra, avtobus Paxtakor bekatidan Botir Zokirov va Alisher Navoiy ko‘chalari orqali harakatlanib, «Alisher Navoiy kinoteatri» bekati tomon yo‘naltiriladi.
103-sonli «Chilonzor buyum bozori — Chorsu savdo markazi» avtobus yo‘nalishida ham o‘zgarish bo‘lib, u Furqat ko‘chasidan Alisher Navoiy ko‘chasi orqali harakatlanadi va Milliy drama teatri bekatiga kirmasdan o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bugungi kunda shahardagi jamoat transporti tarmog‘ini optimallashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Xususan, avvalroq 13 va 69-sonli avtobus yo‘nalishlariga ham o‘zgartishlar kiritilib, ularning harakat yo‘nalishi Izza mavzesidan shahar markazigacha Poygoh — Guliston — Qovunchi — Zargarlik ko‘chalari orqali tashkil etilgan edi.
Mazkur yangilanishlar natijasida jamoat transporti samaradorligi oshishi va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilanishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA