Toshkent uy-joy bozori tahlili infografikada
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joy bozorida faollik sezilarli darajada pasaygan.
Hisobotga ko‘ra, oy davomida jami 44,5 mingta uy-joy e’loni joylashtirilgan. Bu mart oyiga nisbatan 13,4 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 17,7 foizga kamdir.
Markazga yaqin hududlarda to‘liq ta’mirlangan uylar narxi yuqoriligicha qolmoqda. Eng yuqori narxlar Mirobod tumani, Yakkasaroy tumani va Mirzo Ulug‘bek tumanida kuzatilmoqda. Ushbu hududlarda 1 metr kvadrat uchun taklif narxi 1413 dollardan 2121 dollargacha yetgan.
Shayxontohur tumani, Yunusobod tumani, Chilonzor tumani va Yashnobod tumanida bu ko‘rsatkich 1195–1797 dollar oralig‘ida shakllangan.
Eng past narxlar Uchtepa tumani, Olmazor tumani hamda Sirg‘ali tumanida qayd etilgan. Bu hududlarda narxlar 900–1367 dollar atrofida.
Yashnobod tumanidagi narx o‘sishini qurilish faolligi, infratuzilma rivoji va Yangi Toshkent loyihasi bilan bog‘liq kutilmalar bilan izohlanmoqda.
Shu bilan birga, naqdsiz oldi-sotdi tartibining joriy qilinishi hozircha bozorda keskin o‘zgarishlarga olib kelmagan. Mutaxassislar uning haqiqiy ta’sirini baholash uchun yilning ikkinchi yarmidagi dinamika muhim bo‘lishini ta’kidlamoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/jgLJt8uq9uo?si=7bOT6SAeDaUkEWGi" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Iskandar Ismatov, O‘zA