«Toshkent quvonchlari» an’anaviy IX Xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi boshlandi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida «Toshkent quvonchlari» an’anaviy IX Xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi boshlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov mamlakatimizda bolalar ijodiyotiga oid loyihalar qamrovi tobora kengayib borayotganini ta’kidladi.
2022 yil Prezidentimiz tomonidan «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» deb e’lon qilindi. Mazkur yilda o‘tkazilayotgan xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi nainki mamlakatimiz, balki xorijiy davlatlarning yosh rassomlari uchun ham o‘ziga xos bayramga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bolalar chizgan rasmlar shunisi bilan qadrliki, ular dunyoni qanday idrok etsalar, shundayligicha tasvirlaydilar.
Mazkur loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘g‘il-qizlarning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini tobora kuchaytirish, iqtidor egalarini aniqlash va ularni rag‘batlantirishdan iboratdir.
[gallery-10012]
Biyennale doirasida o‘tkaziladigan tanlovga yuborilgan ijodiy ishlar 5 yoshdan 7 yoshgacha, 8 yoshdan 12 yoshgacha, 13 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan toifada aniqlanadi.
Biyennaleda bu yil 15 ga yaqin xorijiy davlatdan yosh ijodkorlar qatnashmoqda. Rossiya, Tailand, Fransiya, Ozarbayjon, Hindiston, Malayziya, Italiya, Belarus kabi mamlakatlardan tuli mavzulardagi rasmlar ushbu tanlovga taqdim etilgan. Shu bilan birga Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlardan ham yuborilgan ishlar ancha salmoqlidir.
Bu yilgi tanlovda bolalarning 2500 ga yaqin ijodiy ishi namoyish etilmoqda. Ularning ikki mingga yaqini o‘zbekistonlik bolalar chizgan rasmlardir.
Biyennale 23 dekabrga qadar davom etadi. G‘oliblar Gran-pri, 7 ta oltin, 7 ta kumush, 7 ta bronza medallar, esdalik tangalari bilan taqdirlanadi, barcha ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etiladi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA