Toshkent musobaqalari kurashning xalqaro harbiy sport harakatidagi mavqeini mustahkamladi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida ikki kun mobaynida kurash bo‘yicha Xalqaro harbiy sport kengashining (CISM) tizimida I jahon harbiy chellenj musobaqasining o‘tkazilishi milliy sportimiz zarvarag‘iga yana bir muhim tarixiy voqelik sifatida muhrlandi.
Mazkur nufuzli musobaqa dunyoning eng kuchli harbiy kurashchilarini bir maydonga jamlagani va xalqaro harbiy sport hamjamiyatida kurash sportining o‘rni tobora mustahkamlanayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Kecha o‘tkazilgan xalqaro turnirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi 7 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlandi. Final bellashuvlari yuqori saviya, keskin raqobat va kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi.

Ayniqsa, Polsha va Qozog‘iston terma jamoasi a’zosi bo‘lgan kurashchi qizlar final bellashuvida kurash vatani – O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini mag‘lub etib, chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgani turnirning eng shov-shuvli voqeasi sifatida talqin etildi.

Xususan, ayollar o‘rtasida -63 kilogrammda gilamga chiqqan polshalik Arleta Podolok o‘zbekistonlik, qozog‘istonlik va eronlik kurashchi qizlardan ustunlikka erishdi, qozog‘istonlik Tolun Tursunoxunova yarim final va finalda o‘zbekistonlik va eronlik raqiblarini dog‘da qoldirdi.
Umumjamoa hisobida medallar jamg‘arishda 11 ta oltin, 11 tadan kumush va bronza medaliga ega chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari terma jamoasi birinchi o‘rinni, 1 ta oltin, 6 ta kumush, 5 ta bronza medal jamg‘argan Qozog‘iston ikkinchi, 1 tadan oltin medalli bo‘lgan Eron va Polsha harbiy sportchilar jamoasi keyingi o‘rinlarni band etdi.
Shuningdek, Turkmaniston, Tojikiston, Suriya, Mo‘g‘uliston, Janubiy Koreya va Ozarbayjon terma jamoalari ham musobaqada sovrinli o‘rinlarga ega chiqdi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan Xalqaro harbiy sport kengashi(CISM) bosh kotibi Roberto Rekkiya, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari Alisher Norboyev so‘zga chiqib, mazkur tarixiy musobaqa yuqori darajada tashkil etilganini, bellashuvlar kutilganidan-da qiziqarli va raqobatli kechganini ta’kidladi. Kurash xalqaro harbiy sport harakati oldiga qo‘ygan vazifalarni to‘liq bajara oladigan sport turi ekanligi qayd etildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA