Tomorqasi bor odam – boy odam
Narpay tumanida mahallalarni chuqur ixtisoslashtirish, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida tomorqalardan samarali foydalanish va aholi daromadini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mavjud 53 mahallani issiqxona tashkil etgan holda qulupnay va boshqa sabzavot ekinlari yetishtirish hamda parrandachilikka ixtisoslashtirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga ayni paytda mahallalarda o‘zini oqlagan va bu borada aholi tomonidan boy tajriba orttirilgan dehqonchilik yo‘nalishlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Masalan, O‘zbekiston mahallasidagi xonadonlarning deyarli barchasida yil davomida karam yetishtiriladi. Aholi bu ekinning kam xarajat, lekin serdaromad ekanini o‘z tajribasida ko‘rgan va shu bois qishin-yozin mahalladan istalgan turdagi karamni topish mumkin.
Dastlab tajribali tomorqachi Hakim Rasulov shug‘ullana boshlagan bu ish bugun butun mahallaning asosiy dehqonchilik mashg‘uloti, daromad manbai hisoblanadi. Hakim aka 20 sotix tomorqasida oila a’zolari bilan birga yil davomida karam parvarishlaydi. O‘zi ko‘chat tayyorlab, mahalladoshlariga ham tarqatadi. Vaqti kelib hosil tayyor bo‘lganda esa uni sotishga ko‘maklashadi.
– Mahallamiz tumandagi eng katta mahallalardan biri hisoblanadi, 1017 xonadonda 5698 nafar aholi yashaydi, – deydi O‘zbekiston mahallasidagi hokim yordamchisi Jamshid Nasrullayev. – Tomorqachilikda karam va sabzavot yetishtirishga ixtisoslashganmiz. Bu yil yana 107 xonadonni karam yetishtirishga ixtisoslashtirish rejalashtirilgan. Bu borada mahalladoshlarimizga usta dehqonimiz Hakim Rasulov yaqindan yordam beryapti. U kishining ko‘magi bilan aholiga karam yetishtirish o‘rgatilyapti, ko‘chat tayyorlashga ko‘maklashilyapti. Karamchilikning qulayligi yiliga uch-to‘rt marta hosil olish, o‘rtacha 65-70 million so‘m daromad qilish mumkin. Mahalladoshlarimiz orasida bundan ko‘p daromad olayotganlari ham bor. Ana shu ishlar natijasida mahallamizda kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadlarini oshirishga erishyapmiz. Yil boshida bizda kambag‘allik darajasi 5,4 foiz edi, hozir 1,9 foizga tushdi.
[gallery-30649]
Shu mahallada yashovchi Bozor Hasanov ham o‘zining 8 sotix tomorqasidan samarali foydalanib, ro‘zg‘orini obod qilyapti, qo‘ni-qo‘shnilariga namuna bo‘lmoqda. Yetmish yoshdan oshgan otaxon yoshlarga xos g‘ayrat bilan o‘zi bosh bo‘lib tomorqada ishlaydi va yerdan yiliga uch marta hosil oladi. Hovlining bir qismida – 3 sotix yerda qurgan issiqxonasida avval gulkaram, keyin pomidor va ko‘katlar yetishtirib, o‘rtacha 50-60 million so‘m daromad qilmoqda.
– “Mening bog‘im” dasturi bo‘yicha 50 tup “Izabel” navli behi ko‘chati ekkandim, bu yil nishona hosil berdi, – deydi Bozor bobo. – Ko‘chatlar orasida hozir bodring ekkanmiz, buyam qo‘shimcha daromad. O‘tgan yil Farg‘onaning Oltiariq tumanidan husayni uzum qalamchalari keltirib, hovli chetida aylantirib ekkandim. Nasib etsa, kelgusi yil bahorda tayyor bo‘lgan ko‘chatlarni o‘zimiz ekamiz, qo‘ni-qo‘shnilarga beramiz. Xudoga shukr, yerimiz unumdor, suv bor, bizdan talab qilinadigani ozgina hafsala, mehnat. Tomorqasi bor odam – boy odam, yerdan unumli foydalanib, to‘q va farovon yashasa bo‘ladi. Boshqalarni bilmadim, lekin bizning mahalladoshlarimiz buni yaxshi anglaydi.
Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, mahallalardagi hamma xonadonda ham dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat bo‘lmasligi yoki oila a’zolarida tajriba, ko‘nikma yetishmasligi mumkin. Narpayda bunday oilalarga avvalo davlatning tegishli dasturlari asosida hamda homiylar tomonidan issiqxona tashkil etish, ko‘chat va urug‘lik berish tarzida amaliy yordam berilmoqda. Qolaversa, mahalla yettiligi, qo‘ni-qo‘shnilar ham bunday mahalladoshlariga o‘z tajribasini o‘rgatish orqali yaqindan ko‘maklashmoqda. Masalan, Oq oltin mahallasidagi 19 ta kambag‘al oilaning 12 tasi tomorqasida homiylik asosida bir sotixdan issiqxona tashkil etilib, qulupnay yetishtirish o‘rgatilmoqda. Umuman, bu yil tuman bo‘yicha 100 oilaga homiylar tomonidan shunday issiqxona qurib berilmoqda. 12 mahalladagi 200 ta kambag‘al oilada esa parranda parvarishlash uchun sharoit yaratilmoqda.
<iframe width="1331" height="749" src="https://www.youtube.com/embed/8KHV7xsethA" title="Tomorqasi bor odam – boy odam" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
G‘.Hasanov, A.Isroilov (video, surat), O‘zA muxbirlari