Tog‘-kon va geologiya sohasidagi yutuqlar e’tirof etildi
Bugun Geologiya fanlari universitetida O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda soha mutasaddilari, olimlar, professor-o‘qituvchilar, ishlab chiqarish korxonalari vakillari hamda yosh mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov so‘zga chiqib, keyingi yillarda sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z natijasini berayotganini ta’kidladi.
Ma’lumki, konchilik va metallurgiya sanoati mamlakat iqtisodiyotining strategik tayanch tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Ushbu sohalar nafaqat tabiiy resurslarni samarali o‘zlashtirish, balki yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish natijasida sanoatlashuv jarayonini jadallashtiradi.
– Bugungi kunda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va mehnat xavfsizligini kuchaytirish ushbu tarmoqlarda asosiy ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda. Shu bilan birga, konchilik va metallurgiyaning rivojlanishi eksport salohiyatini oshirib, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi. Shu ma’noda, ushbu soha mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri. Yangi konlarni aniqlash, mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Bu yutuqlar, avvalo, soha fidoyilarining mehnati samarasidir, – dedi vazir.
[gallery-29550]
Aytib o‘tilganidek, keyingi yillarda geologiya-qidiruv ishlari ko‘lami kengayib, mineral-xomashyo bazasini mustahkamlash, yangi konlarni o‘zlashtirish va qayta ishlash quvvatlarini oshirish bo‘yicha qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Bugungi e’tirofdan boshim ko‘kka yetdi. Avvalo, Prezidentimizga va soha mutasaddilariga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Bunday qutlov meni yanada g‘ayrat bilan ishlashga undaydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda geologiya sohasi tizimli ravishda rivojlanmoqda. Yangi konlarni qidirish va o‘zlashtirish ishlari ilmiy asosda tashkil etilgani, zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilayotgani alohida e’tiborga loyiq. Eng muhimi, sohada ishlayotgan mutaxassislarning salohiyati va tajribasi izchil ortib bormoqda, – dedi Navoiy uran davlat korxonasi Uran geologiya markazi bosh geologi Husniddin Olovov.
Tadbir yakunida soha faollari o‘zining samarali mehnati va soha rivojiga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA