Tibbiyot xabarlari
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2025-yil yakuni bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi natijalari e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi avvalgi yillardagi “sariq” samaradorlik ko‘rsatkichidan ilk bor “yashil” darajaga ko‘tarildi.
Ya’ni, 2024-yil yakuni bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi 59,2 ball bilan 78-o‘rindan joy olgandi. 2025-yil yakuni bo‘yicha esa 87,2 ball to‘plab, 18-o‘ringa chiqdi (97 ta tashkilot orasida). Demak, 60 pog‘onaga yuqoriladi.
Albatta, bu keyingi vaqtda sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiyaning oldini olish, tizimda shaffoflik, ochiqlik mexanizmlarini samarali joriy etish borasida olib borilayotgan ishlarning yana bir amaliy natijasidir.
Baholash jarayoni 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida amalga oshirildi. Bu yilgi baholashda jami 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi.
***
Poytaxtimizda “Neonatal intensiv yordam – Buyuk ipak yo‘li chorrahalarida” mavzuida I Xalqaro neonatal ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.
Tadbirda yurtimiz mutaxassislari bilan bir qatorda AQSH, Germaniya, Polsha va boshqa davlatlardan kelgan yetakchi olimlar, neonatologlar va shifokorlar ishtirok etmoqda.
Mazkur nufuzli anjuman “IPOKRaTES Foundation” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, uning jahon miqyosidagi ilmiy va amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
Anjuman doirasida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda uchraydigan kasalliklar, jumladan, perinatal asfiksiya, sepsis, respirator distress-sindrom, tug‘ma nuqsonlar kabi og‘ir holatlarni erta aniqlash, samarali davolash va profilaktika qilish masalalari muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan intensiv terapiyada qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, reanimatsiya usullari va yuqori samarali klinik protokollar bo‘yicha tajriba almashilmoqda.
Bunday xalqaro hamkorlik va bilim almashuvi neonatologiya sohasini rivojlantirish, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar salomatligini muhofaza qilish va bolalar o‘limi ko‘rsatkichlarini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan qator korxonalarda bo‘ldi.
Jumladan, “Le UAT de Bukhara”, “Gufik-Avicenna” hamda “Tibtexnika” korxonalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida korxonalar faoliyatini yanada rivojlantirish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ayrim muammolar joyida hal etildi.
Shuningdek, sohadagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, mahsulot sifatini yanada oshirish va ichki hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni mustahkamlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
***
Nukus shahrida Bolalar milliy tibbiyot markazining Orolbo‘yi mintaqasi bolalar kasalliklari bo‘yicha tibbiyot klinikasida bo‘layotgan “Tabassum hadya etamiz” («Darim ulыbku») xalqaro fondi ishtirokidagi xayriya aksiyasi davom etmoqda.
Tadbir doirasida 70 nafardan ortiq bemorlarda yuqori texnologik plastik jarrohlik amaliyotlari bajarilishi rejalashtirilgan. Bir necha kun davomida ularning 60 nafardan ortig‘ida operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Ushbu aksiyaning guruh rahbari jahonning mashhur plastik jarrohi Hasan Baiyev Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
***
Jizzax viloyati Zarbdor tuman tibbiyot birlashmasida shifokorlar malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda zamonaviy tibbiyotning dolzarb yo‘nalishlari: koronarografiya, o‘tkir koronar sindrom, kardioxirurgiya va aritmologiya mavzularida ma’ruzalar o‘qildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarini Milliy tibbiyot markazining tajribali mutaxassislari – aritmolog Ilhom Tursunqulov hamda kardiojarroh Jonibek Yunusov olib bordi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga 72 soatlik malaka oshirish sertifikatlari topshirildi. Bunday amaliy va nazariy mashg‘ulotlar hududlarda tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
***
S.D.Asfendiyarov nomidagi Qozog‘iston davlat tibbiyot universitetida Jarrohlik va topografik anatomiya bo‘yicha IV Xalqaro talabalar olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi, jumladan Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Genesis” klubi a’zolari ham ishtirok etdi.
Olimpiadada MDH davlatlarining 10 ta oliy tibbiy ta’lim muassasalari talabalari jam bo‘ldi.
Quvonarlisi, jamoamiz olimpiadada yuqori natija ko‘rsatib, jamoaviy hisobda faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu yutuq jamoaning birdamligi, bilimga chanqoqligi va ustozlarning munosib hissasi samarasidir.
Mohigul Qosimova, O‘zA