Tibbiyot sohasidagi muhim qadamlar
Buxoroda “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan “Zarmed” tibbiyot klasterining shahardagi sho‘’ba korxonasiga press-tur uyushtirildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari ko‘p tarmoqli klinika hamda tibbiy ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishtirildi.
Sog‘liqni saqlash sohasini xususiylashtirish davlat, xalq va tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Hududlarda aholiga yuqori texnologiyali sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish kengaymoqda, xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etilmoqda.
“Zarmed pratiksha hospital group” qo‘shma korxonasi Samarqand shahrida O‘zbekiston va Hindiston hamkorligida tashkil etilgan. Keyinchalik ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Buxoro, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida ham filiallari faoliyat yurita boshladi.
Bugungi kunda “Zarmed” klinikalari ilg‘or tibbiy texnologiyalarga asoslangan ambulator va statsionar sharoitda intervension kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, endoskopik jarrohlik, ortopediya va travmatologiya, urologiya va ginekologiya, otolaringologiya kabi 15 dan ziyod yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatmoqda.
Tibbiy markazlarda bir vaqtning o‘zida ming kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud bo‘lib, 200 dan ziyod malakali shifokor va hamshiralar ishga jalb qilingan. Shuningdek, AQSH, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarning malakali mutaxassislari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimizning 2021 yil aprel oyida “Zarmed pratiksha hospital group” klinikasiga tashrifida bergan topshiriqqa asosan, 2022 yilda Buxoro shahrida ilk xususiy nodavlat ta’lim muassasalari – “Zarmed” universiteti ishga tushirilib, “Zarmed” tibbiyot klasteriga asos solindi.
[gallery-20091]
– Yigirma yil avval ayrim murakkab turdagi jarrohlik amaliyotlari bo‘yicha kadrlar yetishmovchiligi mavjud edi, – deydi “Zarmed” tibbiyot klasteri ta’sischisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Dilshod Shukrullayev. – Klinikamiz ochilganida aholiga xalqaro standartlarda xizmat ko‘rsatish uchun ortopediya va travmatologiya, yurak va miya qon-tomir kasalliklari bo‘yicha jarrohlarni chet eldan jalb qildik. Keyinchalik mahalliy shifokor va hamshiralarning ham xorijda tajriba oshirishini ta’minladik. Bugun esa zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni o‘zimizda tayyorlash imkoni mavjud.
Press-turda jurnalistlar “Zarmed” universitetida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, zamonaviy o‘quv va laboratoriya xonalari, talabalar o‘tayotgan o‘quv-tajriba mashg‘ulotlarini kuzatdi.
Ta’kidlash joiz, “Zarmed” universitetining Samarqand shahridagi kampusi ham ishga tushirildi. Ushbu ikki hududdagi oliygohlarda bakalavr, magistratura hamda klinik ordinatura bosqichlarida jami 9500 dan ziyod talabalarga besh yo‘nalish hamda qariyb 30 ta mutaxassislik bo‘yicha kunduzgi va sirtqi ta’lim berilmoqda.
– Mazkur loyihalarni tatbiq etishda “O‘zsanoatqurilishbank” moliyaviy madad bo‘ldi, – deydi “Zarmed” universiteti bosh direktorining moliya, marketing va matbuot xizmati masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Amirxon Dalerov. – Xususan, bank tomonidan Buxoro shahridagi universitet faoliyatini kengaytirish hamda Samarqand kampusini barpo etishga 500 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit ajratildi. Natijada, 485 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
– Tibbiy xizmatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq xizmatiga qaratilgan. Shuning uchun biz bu ishga hech bir ikkilanishlarsiz qo‘l urdik. Tibbiyot sohasida katta qadamlar tashladik. Chetdan ilg‘or texnologiyalar keltirib, yuqori darajada katta jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi. Bularning bari aynan xususiy sektorda tibbiyot sohasidagi muhim qadamlardir, – deydi “Zarmed” tibbiyot klasteri ta’sischisi Dilshod Shukrullayev.
Tadbirkor tibbiyot vakili bo‘lmasada yaxshi jamoa shakllantirdi. Shifokor bobosi, ota-onasiga izdosh bo‘lsin deb farzandlarini ham shu kasbga qiziqtirdi.
– Yaqin istiqboldagi rejamiz “Zarmed” texnikumini ishga tushirish, “Zarmed pratiksha hospital group” klinikasi hamda “Zarmed” universitetlari geografiyasini yanada kengaytirib, klaster faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, ehtiyojmand aholi qatlami uchun o‘tkazayotgan xayriya tadbirlarimiz ko‘lamini oshirish, – deydi qahramonimiz.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.