Tezkor va shaffof: rahbar kadrlarni baholashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi
Mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish va rahbar kadrlar salohiyatini oshirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilgan press-turda ishtirokchilar Rahbar kadrlarni baholash markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu markaz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, asosiy vazifasi – davlat fuqarolik xizmatida rahbar kadrlarni tanlash, baholash va rivojlantirishda zamonaviy mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi mas’ul xodimlari, vazirlik va idoralar vakillari ham ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, sun’iy intellekt va zamonaviy raqamlashtirish texnologiyalaridan oqilona foydalanish natijasida kadrlarni kompleks baholash tizimi sezilarli darajada takomillashtirildi. Xususan, ilgari ushbu jarayon o‘rtacha 7 soatdan ortiq vaqt talab etgan bo‘lsa, hozirgi kunda 4,5 daqiqa ichida amalga oshirilmoqda. Bu esa baholash jarayonining tezkorligi va samaradorligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qildi.
[gallery-28546]
Mazkur ijobiy natijalar Rahbar kadrlarni baholash markazi tomonidan joriy etilgan “Assessment Pro” zamonaviy raqamli platformasining samarali qo‘llanilayotgani bilan izohlanadi. Ushbu platforma rahbar va mutaxassis kadrlarni bilim, ko‘nikma va kompetensiyalar asosida kompleks baholashni avtomatlashtirib, testlar, keyslar va boshqa baholash vositalari orqali natijalarni chuqur tahlil qilish, aniq reyting va hisobotlarni shakllantirish hamda har bir xodim uchun individual rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab berish imkonini yaratmoqda. Natijada baholash jarayoni tezlashadi, inson omili kamayib, shaffoflik ta’minlanmoqda hamda kadrlarni samarali baholash tizimi izchil yo‘lga qo‘yilmoqda.
Joriy yilning birinchi choragida, markaz tomonidan 289 nafar rahbar kadr yangi tizim asosida baholandi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida Turizm qo‘mitasi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xodimlari ham to‘liq baholash jarayonidan o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, kadrlar salohiyatini oshirish va tizimli baholash mexanizmlarini keng joriy etish maqsadida markaz tomonidan joriy yil davomida bir qator yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, respublika vazirlik va qo‘mitalarining strategik rejalashtirish yo‘nalishidagi rahbar maslahatchilari, “O‘zbekneftgaz” tizimida xodimlar, Farg‘ona viloyati davlat tashkilotlarida korrupsiyaviy xavflarni baholash bo‘yicha respondentlar, bank xodimlari, aviatsiya aksiyadorlik jamiyati xodimlari, Toshkent shahrida joylashgan davlat oliy ta’lim muassasalari rahbar-xodimlari, shuningdek, sug‘urta tashkiloti xodimlarini kompleks baholashdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Rahbar kadrlarni baholash markazi rahbariyati tomonidan markaz faoliyati hamda istiqboldagi rejalarga oid taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, baholash jarayonlari amaliy tarzda ko‘rsatib berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga mutaxassislar batafsil javob qaytardi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Rahbar kadrlarni baholash markazi davlat fuqarolik xizmatini modernizatsiya qilishda va rahbar kadrlarning salohiyatini maksimal darajada oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish orqali markaz tizimi tezkor, shaffof va adolatli baholash jarayonini ta’minlamoqda. Bu esa nafaqat davlat boshqaruvidagi samaradorlikni oshiradi, balki kadrlarning professional o‘sishi va istiqboldagi rivojlanishi uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi.
Kamola Yusupova, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA