Termizda turizm axborot markazlari ish boshladi
Mamlakatimizda keyingi yillarda yuz berayotgan mislsiz yangilanishlar jarayonida Surxondaryo viloyati oʻzining boy tarixiy obidalari, goʻzal va betakror tabiat manzaralari, shifobaxsh suvlari va soʻlim goʻshalari bilan dunyo sayyohlariga oʻz bagʻrini ochmoqda.
Mamlakatimizda keyingi yillarda yuz berayotgan mislsiz yangilanishlar jarayonida Surxondaryo viloyati oʻzining boy tarixiy obidalari, goʻzal va betakror tabiat manzaralari, shifobaxsh suvlari va soʻlim goʻshalari bilan dunyo sayyohlariga oʻz bagʻrini ochmoqda.
Bunday ulkan oʻzgarishlar asnosida jahonning turli hududlaridan kelayotgan mehmonlar uchun turizmni rivojlantirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulayliklarni yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilayotir. Jumladan, dastlab Termiz temir yoʻl vokzali va Termiz xalqaro aeroportida turizm axborot markazlari tashkil etilgan boʻlsa, eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz oldidan Termiz arxeologiya muzeyida ham ana shunday zamonaviy markaz ish boshladi.
Yangi markazlarda mahalliy va xorijlik sayyohlar viloyatning yirik turistik salohiyati haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlmoqda. Oʻzbek va xorijiy tillarda sohadagi yangiliklar, qoʻshimcha xizmat shoxobchalari bilan yaqindan tanishayotir.
– Endilikda sayyohlar bilan gavjum boʻlayotgan tarixiy obidalar va ziyoratgohlarda ham turizm axborot markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyishni rejalashtirib oldik, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi A.Xoʻjaqulov. – Yaqin kunlarda Hakim at-Termiziy majmuasida ana shunday markaz ish boshlaydi. Qadimiy viloyatda 500 dan ortiq madaniy meros obyekti bor. Shuningdek, turli tabiiy moʻjizalarga boy betakror hududlarimiz, shifobaxsh buloqlarimiz mavjud. Ayni paytda yoʻllarga oʻzbek va xorijiy tillarda yozilgan maxsus yoʻl koʻrsatgichli ustunlar ham oʻrnatayapmiz. Bu ustunlar sayyohlarning muqaddas ziyoratgoh va boshqa sayyohlik obyektlarini osongina topib olishiga yaqindan yordam bermoqda.
Bularning barchasi istiqlol sharofati boʻlib, vohaga kelayotgan mahalliy va xorijlik turistlarga munosib sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotir.

