Tergov hibsxonasida mahbuslar huquqlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi 10-sonli tergov hibsxonasida «Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda mahkumlar va mahbuslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash» mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari Bekzod Narimonov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminarda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularga nisbatan insoniy munosabatni kafolatlash, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritildi.
[gallery-29893]
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda qiynoqlar hamda inson qadr-qimmatini kamsituvchi munosabatlarning oldini olishga qaratilgan Milliy preventiv mexanizm joriy etilgan bo‘lib, uning doirasida jazoni ijro etish muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, seminarda probatsiya tizimini takomillashtirish, jazoni o‘tab chiqqan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularni jamiyatga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida Ombudsman o‘rinbosari tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar bilan suhbat o‘tkazib, ularning murojaatlari va takliflarini tingladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA