Teatr san’ati: yutuqlar nimada, kamchiliklar-chi?
27 mart – Xalqaro teatr kun
Mamlakatimizda san’atning barcha yo‘nalishlari kabi teatr an’ati rivojiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Odamlar teatrga dam olish bilan birga o‘z dardu muammolarini, o‘zlarini sahnada ko‘rish uchun boradi. Bu qutlug‘ dargohning tarbiya, ibrat, ma’rifat maskani ekanini jadid bobolarimiz ko‘p marta e’tirof etgan edi. Ayni paytda milliy teatr san’atimizning shakllanishi, rivojlanishi uchun o‘zlarining bor bilim va salohiyatlarini, mablag‘i va hayotlarini baxshida etganlari tarixiy manbalardan yaxshi ma’lum.
Bugun sohaga ko‘plab yosh va iqtidorli mutaxassislar kirib kelmoqda. Teatr san’atining ravnaq topishiga oid istiqbollar ularning fikricha qanday? Yutuqlar nimalardan iborat? Kamchiliklar qayerda? Soha rivoji yo‘lida qanday ishlar olib borilmoqda?

O‘zA muxbiri bu haqda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Magistratura bo‘limi boshlig‘i, san’atshunoslik bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Barno Nurmanova bilan suhbatlashdi.
– Davlat teatrlari tasarrufida akademik, drama, yoshlar teatri, yosh tomoshabinlar teatri faoliyat ko‘rsatayotgani va davlat tomonidan, umuman respublikadagi barcha teatrlar Prezidentimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanayotgani tahsinga loyiq, – deydi Barno Nurmanova. – So‘nggi yillarda tarixiy mavzulardagi asarlarga e’tibor kuchaydi. Tarixiy spektakllar teatr ijodkorlariga nafaqat ijodiy o‘sish, balki milliy va jahon teatr san’atini boyitish imkonini beradi. Bu san’atning ijtimoiy vazifasini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Xalqaro hamkorlik masalalari yo‘lga qo‘yildi. Yosh rejissyorlarning respublika miqyosidagi teatrlarda tajriba almashishi imkoniyati paydo bo‘ldi. Namuna darajasidagi spektakllarning xalqaro festivallarda ishtiroki ta’minlandi. Viloyat teatrlarini mamlakatimiz bo‘ylab gastrol safarlari rejali amalga oshirib kelinmoqda. Bu jarayonlar respublikamizning har bir teatrida kuzatilmoqda.
– Teatr san’ati to‘g‘risida so‘z borganida kamchiliklar xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Ularni bartaraf etish yo‘lini nimalarda ko‘rasiz?
– Kamchiliklarga keladigan bo‘lsak, barcha teatrlar raqamli texnologiyalar rivojlanganini inobatga olib, texnik jihatdan qayta jihozlanishi kerak. Viloyat musiqali teatrlari orkestr, xor, balet shtatlari bilan to‘ldirilishi lozim.
Shu bilan birga, respublikadagi qo‘g‘irchoq teatrlari bolalar tasavvurini uyg‘otadigan mo‘jizalar sodir qilish uchun texnik imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. Teatrlarni, umuman sahnalarni yoritish tizimini boshqaradigan mutaxassislar maxsus o‘qitilishi lozim.
– O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida teatrni ravnaq toptirish bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevralda “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Milliy bank tomonidan oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha “Kelajakka qadam” dasturiga start berildi. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
To‘rtinchi bosqich talabalariga amaliyot davrida ularni ishga oladigan tashkilotning kafolat xati va shartnomasi bilan yoki mutaxassisligi bo‘yicha ishlab turgan talabalarga mazkur markaz tomonidan talabalarga amaliyot davri uchun pul to‘lab beriladi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida bugungi kunda dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilishi uchun chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu borada Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri hamda O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida institutning kafedralari qo‘shma holda tashkil etilish rejalashtirilgan. Yaqin vaqtlar ichida oliy o‘quv yurtimiz “Musiqali teatr san’ati” kafedrasining Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatridagi “Lutfixonim Sarimsoqova” nomidagi filiali ochilishi bo‘lib o‘tadi.
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri sahnasida teatr yetuk ijodkorlari va institut talabalari bilan birgalikda spektakl sahnalashtirish rejalashtirilgan. Bu spektakl institutda aktyorlik san’ati yo‘nalishida tahsil oladigan talabalar uchun amaliy tajriba bo‘ladi.
Mazkur kelishuv yosh mutaxassislarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasini ta’minlash, ularning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish va ish beruvchilarning malakali kadrlar bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan shuni aytish kerakki, bugun yurtimiz teatrlari davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiborni o‘z faoliyatida his etib, yangi-yangi asarlarni sahnalashtirmoqda, izlanmoqda, samarali ijod qilmoqda. Bu esa tomoshabinlarga teatrning nechog‘li maftunkor, ibratli, qutlug‘ maskan ekanini teran anglashga imkon bermoqda.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.