Tashqi diplomatiya
O‘zA “Tashqi diplomatiya” rukni orqali davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilarimiz tomonidan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Malayziya. O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi Favqulodda va muxtor elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya sarmoyalar, savdo va sanoat vaziri Johari Abdul G‘ani bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdoni yanada oshirish, qo‘shma sanoat zonasini barpo etish hamda yarim o‘tkazgichlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, muloqot davomida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli sanoat aloqalarini mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.

Germaniya. Berlindagi elchimiz Dilshod Ahatov Tyuringiya federal mintaqasining ijtimoiy masalalar, sog‘liqni saqlash, mehnat va oila vaziri Katarina Shenk bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“O‘zbekiston - GFR dual va kasbiy ta’lim forumi: raqobatbardosh va malakali kadrlar” xalqaro yig‘ini doirasida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda mamlakatimizda mehnat migratsiyasi, dual va kasbiy ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yaratilayotgan yangi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.

Buyuk Britaniya. Kembrijdagi Kavendish laboratoriyasi va Toshkentdagi “British Management University” (BMU) o‘rtasida BMU-Kavendish rivojlanish tashabbusini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Italiya. Milan shahrida bo‘lib o‘tayotgan Dizayn haftaligida O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan “O‘rik gullaganda” nomli ko‘rgazma tashkil etildi.
Mazkur ko‘rgazma loyihasi me’mor Kulapat Yantracast badiiy rahbarligi ostida amalga oshirildi. Ko‘rgazma 20–26-aprel kunlari Milan shahridagi mashhur “Palazzo Citterio” bog‘ida o‘tkaziladi.

Yaponiya. Yurtimizning ushbu o‘lkadagi elchixonasi “Hankyu Travel International Co.,Ltd.” va “All Co.,Ltd.” kompaniyalari bilan hamkorlikda Fukuoka shahrida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkil etdi. Tadbir davomida Samarqand, Buxoro, Xiva va Termiz kabi tarixiy shaharlar, YUNESKO Butunjahon merosi ob’ektlari hamda O‘zbekistonda jadal rivojlanib borayotgan yangi turizm yo‘nalishlari haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Seminar yakunida Yaponiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish, qo‘shma turistik dasturlarni kengaytirish hamda istiqbolli yangi loyihalarni ishlab chiqish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA