“Tashabbusli byudjet”: jamoatchilik nazorati muhim masala
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda 2021 yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan “Tashabbusli byudjet” loyihasi jarayonlari, mazkur loyihaning jamiyatimizdagi mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, fuqarolarning jamiyat hayotida faol ishtiroki va daxldorlik hissini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligini hayotning o‘zi ko‘rsatib berdi. Ya’ni ushbu loyiha orqali ko‘p yillardan buyon hal bo‘lmayotgan, odamlarni qiynab kelayotgan qator muammo va masalalar o‘z yechimini topmoqda.
“Tashabbusli byudjet” jarayonlarini qonuniy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yil 13 aprelda “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2023 yil 10 aprelda “Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari imzolangan.
Ana shu qarorlar ijrosini ta’minlash, “Tashabbusli byudjet” jarayonlarini ommalashtirish, loyiha imkoniyatlaridan kengroq foydalanish maqsadida Andijon viloyatida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Jumladan, viloyatda 2023 yil 1-mavsum “Tashabbusli byudjet” dasturlari doirasida "Ochiq byudjet" axborot portalida o‘tkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayoniga 3 ming 153 ta taklif kelib tushgan. Shundan
2 ming 190 tasi saralashdan keyingi bosqichga o‘tkazilgan. Ana shu loyihalar uchun ovoz berish jarayonida 1 million 282 ming nafar fuqaro ishtirok etdi. Ovoz berish natijalari orqali 227,9 milliard so‘mlik 215 ta loyiha g‘olib deb topilgan.
[gallery-18383]
Shuningdek, 2023 yil 2-mavsum “Tashabbusli byudjet” dasturlari doirasida "Ochiq byudjet" axborot portalida o‘tkazilgan “Tashabbusli byudjet” jarayonida 2 ming 839 ta taklif kelib tushib, shundan 2 ming 320 tasi saralashdan keyingi bosqichga o‘tkazilgan. Ovoz berish jarayonida 1 million 651 ming nafar fuqaro ishtirok etib, umumiy qiymati 100,1 milliard so‘m bo‘lgan 83 ta loyiha g‘olib deb topilgan.
Ta’kidlash kerakki, “Tashabbusli byudjet” jarayonlari keng jamoatchilik vakillari, xususan, turli jamoat tashkilotlari tomonidan kuzatib, nazorat qilinib borayotganligi esa jarayonning xalqchil va shaffofligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
“Yuksalish” harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan 2023 yilda “Tashabbusli byudjet”da g‘olib deb topilgan loyihalarning moliyalashtirilishi, belgilangan ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi hamda bu borada aholining fikri doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda.
Hududiy bo‘linma tomonidan o‘rganishlar jarayonida viloyatda 2023 yilning 1- va 2- mavsumida g‘olib bo‘lgan tashabbuslarni amalga oshirish borasida O‘zbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi hamda Xalq deputatlari tuman, shahar kengashlarining tegishli qarorlari asosida manzilli ro‘yxatlar shakllantirilib, buyurtmachilar belgilandi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 1- va 2- mavsumida g‘olib deb topilgan 298 ta loyiha doirasida belgilangan tartibda hisob raqamlari ochilib, 328,7 milliard so‘m mablag‘lar tegishli jamg‘armalarga o‘tkazib berilgan, loyihalarni amalga oshirish uchun loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilib, pudratchi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilgan.
Joriy yilning 25 iyunidan 5 iyuliga qadar viloyatda o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi tadbirlarida loyiha doirasidagi 36 ta, jumladan, Asaka, Oltinko‘l va Jalaquduq tumanlarida 6 tadan, Andijon, Shahrixon tumanlarida 5 tadan, Marhamat, Buloqboshi tumanlarida 4 tadan ob’ektlar bevosita o‘rganildi.
O‘rganilgan ob’ektlar sohalar kesimida ko‘rib chiqiladigan bo‘lsa, xalq ta’limi tizimi 17 ta, yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha 10 ta, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida 8 ta, elektr ta’minoti tizimida 1 ta ob’ektda olib borilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Fuqarolar fikri tahlil etilganida, umuman, “Tashabbusli byudjet” loyihasi keng jamoatchilik tomonidan ijobiy baholangan. Xususan, fuqarolar o‘zlari to‘layotgan soliqlarini o‘zlari xohlagandek ishlatishda bevosita ishtirok etayotganliklari, farzandlari va mahalladoshlari hayotini yanada qulay va yaxshiroq qilishga erishayotganliklaridan mamnun ekanligini bildirishgan.
– Joriy etilgan “Tashabbusli byudjet” loyihasi aholining tashabbuslarini hisobga olgan holda byudjet mablag‘larining ma’lum bir qismini sarflash bo‘yicha ularning bevosita ishtirokida qarorlar qabul qilish hamda ana shu qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyotini shakllantirdi, – deydi “Yuksalish” harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Diyorbek Turg‘unov. – Ushbu amaliyot aholiga joylardagi muammolarni byudjet mablag‘laridan foydalangan holda zudlik bilan hal etish imkonini yaratdi.
Loyihalar bajarilishini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring tadbirlari davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, mutasaddilar hamda mas’ul idoralar rahbarlariga taqdim etildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari