Tanlov yakunlari sarhisob qilindi
Toshkentda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida o‘tkazilgan «BestSoft Challenge – 2015» respublika tanlovi final ishtirokchilarini taqdirlash marosimi yosh dasturchilarimiz katta salohiyatga ega ekani va ushbu sohani yanada rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotganidan dalolat berdi.
Softver industriyasi mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining jadal rivojlanib borayotgan bo‘g‘inlaridan biridir. Toshkentda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida o‘tkazilgan «BestSoft Challenge – 2015» respublika tanlovi final ishtirokchilarini taqdirlash marosimi yosh dasturchilarimiz katta salohiyatga ega ekani va ushbu sohani yanada rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotganidan dalolat berdi.
«BestSoft Challenge – 2015» tanlovi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkentdagi Inxa universiteti, «BePro» dasturchilar markazi va «Samsung Elektroniks» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Prezidentimiz rahnamoligida axborot sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida ushbu soha uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda mamlakatimizda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha dasturiy injiniring, veb-dasturlash, telekommunikatsiyalar va boshqa yuqori texnologiyali yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan kompleks tizim shakllantirilgan. Bu jarayonga yosh dasturchilar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan ko‘plab tanlovlar ham hissa qo‘shmoqda.
«BestSoft Challenge – 2015» tanlovi dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, mamlakatimiz dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi. Oliy o‘quv yurtlari talabalari, kollej va litsey o‘quvchilari ishtirok etgan tanlovning asosiy qismi yozgi ta’til kunlari o‘tkazildi va bu yoshlarga ta’tilni qiziqarli va foydali o‘tkazish imkonini berdi.
Tanlov bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazildi. “Elektron tijorat sohasidagi eng yaxshi yechim” nominatsiyasida internet yordamida tovar va xizmatlar taklif etish, buyurtmalar qabul qilish, to‘lovnomani taqdim etish, onlayn rejimida tijorat bitimlari bo‘yicha tranzaksiyani amalga oshirish, elektron marketingni yuritish imkonini beradigan loyihalar baholandi. Ushbu yo‘nalishda “Fj” loyihasi mualliflari – Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti talabasi Farhod Qosimov va Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti talabasi Yulya Patsulevich g‘olib deb topildi.
“Ta’lim sohasidagi eng yaxshi loyiha” nominatsiyasida o‘quv jarayonini avtomatlashtirish, elektron darsliklar, masofaviy o‘qitish uchun dasturiy ta’minot bo‘yicha ishlanmalar ko‘rib chiqildi. Bu nominatsiyada “MaTH Equations” ishlanmasi muallifi, Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Otabek Davronbekov g‘olib bo‘ldi.
“Kompyuter, brauzer va mobil o‘yinlar ishlanmasi” nominatsiyasi qatnashchilaridan ko‘nikmalar, jumladan, xorijiy tillarni o‘zlashtirish, yangi bilimga ega bo‘lishga yordam beradigan o‘yinlar ishlab chiqish talab qilindi. Ushbu nominatsiyada “Varrakchi bolakay” mobil o‘yinini yaratgan Navoiy konchilik kolleji o‘quvchisi Shohjahon Sultonov g‘alaba qozondi.