Ta’limda “Samarqand tajribasi” ning mohiyati nimada?
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 aprel kuni xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligining tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishda maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanishi e’lon qildi.
Ushbu yangi tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf o‘qituvchilari yangi metodika asosida o‘qitiladi. Har bir viloyat kesimida “trenerlar guruhi” shakllantirilib, ular joylarda maktab o‘qituvchilarining malakasini oshirib boradi. Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Samarqand viloyatida ham zarur chora-tadbirlar belgilandi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar asosida viloyatimizda maktab ta’limini rivojlantirish dolzarb besh yilligi e’lon qilindi, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov. – Haftaning juma kuni esa “Maktablar kuni” deb belgilandi. Kelgusi besh yilda viloyatimizda oliy toifali o‘qituvchilar ulushi 3,3 foizdan 7 foizga (4015 nafarga), birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi 12,4 foizdan 16 foizga (9177 nafarga) oshiriladi. Chet tili fani o‘qituvchilarini qayta tayyorlash evaziga milliy (SEG‘R) va xalqaro (ILTS) sertifikatli pedagoglar ulushi 6 foizdan 10 foizga yetkaziladi. O‘rta-maxsus ma’lumotli pedagoglar 9,3 foizdan 5 foizga (2 ming 868 nafarga) tushiriladi. Buning uchun zarur chora-tadbirlar belgilandi. Ayni kunlarda pedagog kadrlarning malaka toifasini yaxshilash maqsadida attestatsiya jarayoniga 33923 nafar (60 foiz) o‘qituvchi jalb qilingan. Ularning 5124 nafar oliy malaka toifasiga, 9515 nafari birinchi malaka toifasiga, 19224 nafari (malaka toifaga ega bo‘lmagan, toifasiz o‘qituvchilar) ikkinchi malaka toifasiga talabgor sifatida attestatsiyada ishtirok etmoqda.
Sentyabr-oktyabr oylarida malaka toifasiga ega bo‘lmagan, toifasiz 15433 nafar pedagog navbatdan tashqari o‘tkaziladigan attestatsiya jarayoniga jalb etiladi. Prezidentimiz topshiriqlaridan kelib chiqib, “Samarqand tajribasi” sifatida viloyatimizdagi 61 ta sektordagi maktablarda mutaxassis va ikkinchi toifali o‘qituvchilarga metodik yordam berish maqsadida Samarqand davlat universiteti O‘zbekiston – Finlyandiya pedagogika instituti va maktablarning malakali o‘qituvchilaridan iborat “Mobil metodik guruhlar” tashkil etildi. Bu guruhlarga fundamental umumta’lim fanlardan 420 nafar eng ilg‘or, tajribali oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar saralab olindi. Ular 5 oy davomida 167 ta tayanch maktabda yosh va malaka toifasi bo‘lmagan 9385 nafar pedagogning kasbiy mahoratini oshirish uchun maxsus o‘quvlar tashkil etadi. O‘qish yakunida o‘qituvchilar yakuniy sinovdan o‘tkaziladi va 71 foizdan yuqori ko‘rsatkichga erishgan o‘qituvchilarga sertifikat beriladi. Qolganlari esa yana 3 oy davomida qayta o‘qitiladi va qayta baholanadi. O‘qishning ushbu bosqichi 2022 yil sentyabr-noyabr oylarida amalga oshiriladi. Yaxshi va a’lo ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga sertifikat beriladi.
Sinovdan o‘ta olmagan o‘qituvchilar kasbiga layoqatsiz deb topiladi. Shu tarzda 2022-2025 yillar davomida 28 ming nafar o‘qituvchi “Mobil metodik guruh” tomonidan o‘qitilib, kasbiy mahorati oshiriladi. Natijada 2026 yilga borib eng iqtidorli o‘qituvchilarning bazasi yaratiladi va ulardan taxminan 800 nafar eng munosiblari ajratib olinadi. Ularga O‘zbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti tomonidan 30 nafar professor-o‘qituvchi ajratilib, 3 oy davomida maxsus o‘quv reja asosida boshlang‘ich va o‘rta sinflarda raqamli pedagogik texnologiyalaridan foydalanish va yangi metodik texnologiyalar asosida dars o‘tish uslublarini o‘rgatish hamda olimpiadachi o‘quvchilarini tayyorlash maqsad qilib qo‘yiladi.
G‘.HASANOV, O‘zA