Ta’limda O‘zbekiston – Finlyandiya hamkorligi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish uchun ilg‘or xorijiy tajribalar, xususan, Finlyandiya ta’lim tizimini o‘rganish va mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Shu kunlarda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Finlyandiya Respublikasining O‘zbekistondagi faxriy konsulligi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Finlyandiyadagi yetakchi ekspertlar, olimlar va investorlar bilan muzokaralar olib borilib, bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi sifatida joriy yilning 8-14 aprel kunlari Finlyandiyaning ta’lim sohasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘ygan bir qator kompaniya rahbarlari va vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatimizga amaliy tashrif buyurgani haqida xabar qilgan edik.
Yetti kun davomida investorlar Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlarida bo‘lib, hokimlik vakillari, ta’lim tizimi mutasaddilari bilan talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari, matematika va fin tilini o‘qitish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borishdi hamda qator memorandumlar imzolandi.
Tashrif yakunida erishilgan natijalar, istiqboldagi vazifalarni muhokama qilish maqsadida «O‘zbekiston – Finlyandiya hamkorlik yo‘nalishlarining istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy forum tashkil etildi.
Forumda Finlyandiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha favqulodda va muxtor elchisi Mariya Liivala, Finlyandiya Ta’lim va madaniyat vazirligi bosh boshqarmasi direktori (O‘zbekiston – Finlyandiya ta’lim hamkorligi koordinatori) Kirsi Lindrus, Lappeyenranta shahri meri Kimmo Yarva, Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev, Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev, xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov hamda ayni kunlarda mamlakatimizda ishchi tashrif bilan bo‘lib turgan investorlar: “FinEst Bay Area” kompaniyasi va “AngryBirds” o‘yini asoschisi Peter Vesterbakka, “Finest Future” kompaniyasi hammuassisi Tuomas Tiilikaynen, “Edunation Finland” kompaniyasi hammuassisi Harri Suominen, “Skillgrower” kompaniyasi asoschisi Pasi Savola va PK Safety and Rescue” kompaniyasi bosh direktori Pertti Korteyarvi ishtirok etdi.
Hamkorlik loyihalari va istiqboldagi rejalar, finlyandiyalik mutaxassislar tomonidan matematika va fin tilini o‘qitish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar hamda oliy ta’lim tizimi va konchilik sanoati bo‘yicha qo‘shma dasturlar faoliyati bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi.
– Ta’kidlash lozimki, Finlyandiyada maktab o‘quvchilari ta’lim sifatini baholash bo‘yicha tadqiqotdagi barcha yo‘nalishlarda savodxonlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishib kelmoqda. Mazkur mamlakat ta’lim tizimidagi ilg‘or jihatlarni o‘rganish uchun Ta’lim inspeksiyasi va tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, Finlyandiya milliy ta’lim agentligi bilan hamkorlikda «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan bo‘lib, unda fin ta’lim tajribasini o‘rganish va ularni mamlakatimizda samarali tatbiq qilishga qaratilgan vazifalar, hamkorlik yo‘nalishlari, chora-tadbirlar o‘z aksini topgan – deydi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev.
– Shuningdek, Finlyandiyaning Lappeyenranta shahri va Navoiy viloyati o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Navoiy viloyatidan 10 nafar 9-sinf bitiruvchi o‘quvchilari Lappeyenranta shahrida 3 yil davomida o‘qiydigan bo‘ldi. Har bir o‘quvchining 3 yil davomida mamlakatda yashashi, ovqatlanishi va o‘qishi uchun lozim bo‘lgan barcha xarajatlar Finlyandiya tomonidan qoplanadi. Bundan tashqari 2021 yil mart oyidan boshlab finlyandiyalik o‘qituvchi Elisa Milyana Ladenperaga Zarafshon shahridagi 1-sonli maktabda o‘quvchilarga xorijiy til sifatida fin tilidan saboq berib kelmoqda.
Forum davomida Finlyandiya Ta’lim va madaniyat vazirligi bosh boshqarmasi direktori (O‘zbekiston – Finlyandiya ta’lim hamkorligi koordinatori) Kirsi Lindrus hamda Lappeyenranta, Salo shaharlari merlari Kimmo Yarva va Tero Nissinen hamda Lappeyenranta Texnologiya universiteti rektori Juha Matti Saksa, LAB amaliy fanlar universiteti rektori Turo Kilpeläinen va Turku amaliy fanlar universiteti rektori Vesa Taatila ham so‘z olib, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, yurtimizga tashrif buyurgan delegatsiya a’zolaridan Skillgrower dasturi asoschisi Pasi Savola matematikani o‘qitish platformasi haqida, Edunation kompaniyasi direktori Harri Suominen oliy ta’limda qo‘shma dasturlar rejasi bo‘yicha, «Finest Future» kompaniyasi asoschisi Tiilikaynen Tuomas fin tilini o‘qitish loyihasi haqida, Oulu konchilik instituti mutaxassisi Pertti Korteyarvi konchilik sanoati bo‘yicha qo‘shma dasturlar faoliyati haqida ma’lumot berishdi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA