Ta’lim tizimida sifat, salohiyat va natijadorlik ustuvor vazifa
Navoiy viloyati Uchquduq tumanida maktabgacha va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish, o‘quvchilar bilimini oshirish, pedagoglar salohiyatini yuksaltirish hamda 2026-2027 o‘quv yilida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Uchquduq tumanida ta’lim sifatini yaxshilash, pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini oshirish, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda o‘qituvchilarning malakasini oshirish, ularni rag‘batlantirish, ta’lim muassasalarida samarali o‘quv muhitini shakllantirish hamda o‘quvchilarning erishgan natijalarini muntazam tahlil qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Tumanimizda avvalgi yillarda oliy toifali o‘qituvchilar ulushi 1,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 30 foizga yetdi, – deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Sevdiyor Sayfiddinov. – Birinchi toifali pedagoglar ulushi esa 5 foizdan 26 foizga ko‘tarildi. Natijada tumandagi o‘qituvchilarning 56 foizi yuqori malakaga ega pedagoglardan iborat bo‘ldi. Bugun tumandagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 847 nafar pedagogning 389 nafari xalqaro va milliy sertifikatlarga ega. Ularning 312 nafariga qo‘shimcha ustamalar belgilangan, 100 nafardan ziyod o‘qituvchining oylik ish haqi esa 1000 AQSH dollaridan oshgan.
Albatta, pedagoglar malakasining yuksalishi o‘quvchilar natijalarida ham aks etmoqda. Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan bitiruvchilar ulushi 2023-yildagi 72 foizdan 2026-yilda 90 foizga yetdi. Shuningdek, 286 nafar o‘quvchi xalqaro va milliy xorijiy til sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Tumanning 7-sonli maktabi jamoasi “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “Zakovat” intellektual o‘yini respublika bosqichida birinchi o‘rinni egalladi.
Tumanda bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovi 87,9 foizga yetdi. Respublika miqyosidagi “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” tanlovida 15-sonli DMTT tarbiyachisi G. Dauletova birinchi, 10-sonli DMTT tarbiyachisi Yu. G‘aybullayeva ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Matbuot anjumanida kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, umumta’lim maktablarida har bir muassasaning ta’lim sifati tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha alohida harakatlar rejasi ishlab chiqiladi. O‘quvchilarning bilimlari diagnostik baholanib, qo‘shimcha yordamga muhtoj bolalar bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Matematika, ona tili va o‘qish savodxonligi, tabiiy fanlar hamda xorijiy tillarni o‘qitish samaradorligini oshirish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Pedagoglarning kasbiy ehtiyojlarini aniqlash, ustoz-shogird an’analarini rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va raqamli savodxonlikni oshirish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, o‘quvchilarni fan olimpiadalari va tanlovlarga tayyorlash, xorijiy tillar hamda axborot texnologiyalarini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, bitiruvchilarni oliy ta’lim va kasbga yo‘naltirish ishlari kuchaytiriladi.
Bolalar davomatini yaxshilash, huquqbuzarliklarning oldini olish, xavfsiz ta’lim muhitini yaratish va ota-onalar hamda mahalla bilan hamkorlikni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Matbuot anjumani so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri