Ta’lim sohasiga qancha mablag‘ yo‘naltirilmoqda?
O‘zbekistonda ta’lim sohasiga yo‘naltirilayotgan byudjet mablag‘lari so‘nggi besh yilda sezilarli darajada oshdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda ushbu soha uchun davlat xarajatlari 84,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2021-yildagi 39,6 trillion so‘mga nisbatan 2,1 barobar ko‘p.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim sohasiga davlat xarajatlari yildan-yilga izchil o‘sib borgan. Jumladan, 2022-yilda 50,3 trillion so‘m, 2023-yilda 61,2 trillion so‘m, 2024-yilda esa 71,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
2025-yilda xarajatlar hajmi 84,2 trillion so‘mga yetgan. Shu tariqa, bir yil davomida ta’lim sohasiga ajratilgan davlat mablag‘lari 13 trillion so‘mga, ya’ni qariyb 18,3 foizga oshgan.
Umuman olganda, 2021–2025-yillarda ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan davlat xarajatlari 44,6 trillion so‘mga ko‘paygan. Bu davrda xarajatlarning umumiy hajmi qariyb 112,6 foizga o‘sgan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA