Tahsilning yakuniga bag‘ishlangan ko‘rgazma
Toshkent fotosuratlar uyida “Ijodiy fotosan’at maktab-studiyasi bitiruvchilarining 30 hisobot ko‘rgazmasi”ning ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada 5 nafar yosh ijodkorlarning 100 ga yaqin fotoishlarini namoyish etildi.
Taqdim etilayotgan fotoasarlarda maftunkor manzaralar, ijodkorlarning tevarak-atrof va tabiatga bo‘lgan munosabatlari, ularning qiziqishlari o‘z ifodasini topgan. Bular maktab-studiyaning 30-bitiruvchilari olgan tahsilning amaliy yakunidir.
Maktab-studiyada talabalarga O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining fotorassomlar sho‘’basi a’zosi, taniqli fotoustalar va ustozlar – Iskandar Sodiqzoda hamda Rusudan Xubutiya 3 oy davomida kasb sir-asrorlaridan nazariy va amaliy saboq berishgan.
Fotosuratlarda tabiat, inson va borliq tushunchalari, maishiy, natyurmort, manzara va shahar ko‘rinishlari, portret janrlari talqin etilgan. Har bir talaba o‘zini qiziqtirgan mavzu, holat va janrlarga ustozlar sabog‘i va nasihatlariga binoan kompozitsion yechim va ranglar uyg‘unligiga amal qilgan holda yondashib, ijodiy izlanishlari, o‘zlarining fikr-mulohazalarini ko‘rsatishga harakat qilishgan.
Bo‘lajak fotosuratchilar ishlari o‘ziga xosligi bilan bir-biridan farqlanib turadi, ularning ijodga moyilliklari, izlanishdan charchamasliklari bilinib turadi. Ular tevarak-atrofga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga bo‘lgan qiziqishlarin, insonning ichki olamini, uning hissiyotlarini, hayvonot va qushlar olamining o‘ziga xos jihatlarini kashf etadilar.
Ko‘rgazmaga kelgan tomoshabinlar yangi iste’dod sohib va sohibalari – Rustam Amirov, Emina Ishanxodjayeva, Maryam Kazakbayeva, Nigora Turayeva, Valentina Yaropovetskaya dunyoqarashlari muhrlangan fotosuratlar bilan tanishib, ularga baho berishlari mumkin.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent fotosuratlar uyi qoshidagi Ijodiy fotosan’at maktab-studiyasi 2006 yilda tashkil etilgan va fotografiya san’atini o‘rgatuvchi kuchli maktablardan biri sanaladi.
[gallery-5734]
Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev(foto) O‘zA