Taekvondochilar 2022 yilgi mavsumni boshlashdi
Bugun, 6 yanvardan e’tiboran taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 2022 yilgi sport mavsumiga tayyorgarlikka kirishdi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Pavel Xan boshchiligida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshlagan taekvondochilarimiz 30 yanvarga qadar Toshkentdagi taekvondo markazida bo‘lg‘usi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishadi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda 21 nafar sportchi, 6 nafar murabbiy ishtirok etmoqda.
Kundalik mashqlarni terma jamoa bosh murabbiyi qatori Aleksandr Kim, Sobir Paxlavonov, Maksim Rafalovich, Dmitriy Xvan kabi trenerlar ham olib borishmoqda. Mashg‘ulotlarga Ulug‘bek Rashitov, Nikita Rafalovich, Niyoz Po‘latov, Svetlana Osipova kabi tajribali taekvondochilar qatori yosh va umidli sportchilar ham jalb etilgan
Mamlakatimiz taekvondochilari uchun 2022 yilning ilk xalqaro musobaqalari joriy yilning fevral oyida Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tadigan xalqaro turnirlar etib belgilangan.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA