Taekvondo WT musobaqalari do‘stona munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qildi
Koreya Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasida o‘rnatilgan diplomatik munosabatlarning 34 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan professor doktor Bayek Mun Jong nomidagi XVII Respublika ochiq taekvondo WT turniri yuksak saviyada o‘tkazildi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmuasida tashkil etilgan mazkur an’anaviy xalqaro turnir qizg‘in va murosasiz bahslariga boy bo‘ldi.

Musobaqalarda mamlakatimizning hamda qo‘shni davlatlardan kelgan 600 nafarga yaqin sportchilar o‘z yo‘nalish va vazn toifalarida g‘oliblik yo‘lida bahs olib bordi.
Turnirning ilk kunida pomse yo‘nalishi hamda kattalar o‘rtasidagi sparring bahslari tashkil etildi.

Yosh sportchilarning mahoratini oshirish, tajriba almashish hamda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari hakamlik va murabbiylik faoliyatini yuqori professional saviyada olib borish tamoyillarini o‘rgandi.

Xalqaro turnirda yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasidagi bahslarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA