Tadbirkorning yeri o‘ziga qaytarildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsman ma’lumotiga ko‘ra, tashkilotga ko‘plab tadbirkor va fermer xo‘jaliklari rahbarlaridan ularning yer maydonlari noqonuniy olib qo‘yilganligi to‘g‘risida murojaatlar kelib tushgan.
Shulardan biri Sirdaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi “Hosil” fermer xo‘jaligi (nomi o‘zgartirilgan) uning mulk huquqlari buzilganligidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, Sayxunobod tumani hokimining qarori bilan fermer xo‘jaligiga 32,7 ga yer maydoni ajratilgan bo‘lib, taraflar o‘rtasida 50 yil muddatga yer ijara shartnomasi tuzilgan. Biroq mazkur shartnoma hokimning g‘ayriqonuniy qarori bilan bir tomonlama bekor qilinib, yer maydoni tuman hokimligining zaxira fondiga qaytarilgan. Ta’kidlash joiz, fermer xo‘jaligi unga tegishli yer maydoni zaxiraga olinishi to‘g‘risida ogohlantirilmagan.
Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkor manfaatini himoya qilib, Guliston tumanlararo ma’muriy sudiga kiritilgan shikoyat arizasi natijasida 32,7 ga yer maydonini tuman zaxira fondiga qaytarib olish va Sayxunobod tumani hokimligi bilan fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan uzoq muddatli ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror haqiqiy emas, deb topilib, fermer xo‘jaligiga avvalroq ajratilgan yer maydoni qaytarib berildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA