Tadbirkorlik sohasida Chexiya bilan hamkorlik kuchaymoqda
Mamlakatimizda tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, bu yo‘nalishda xorijiy hamkorlar bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bu yo‘nalishda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatining ham munosib hissa qo‘shayotgani e’tiborlidir.
Samarqand shahrida yana bir yirik va e’tiborga molik loyiha hayotga faol tatbiq etilgani mazkur moliyaviy tuzilmaning ezgu tashabbuslaridan biri bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Shaharning Shodlik mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tadbirkor tashabbusi bilan zamonaviy restoran majmuasi barpo qilindi.
Uch qavatdan iborat ushbu inshootda bir vaqtning o‘zida 450 nafar mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan. Zamonaviy dizayn, shinam muhit va oilaviy tadbirlar o‘tkazish uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan restoran shahar aholisi va mehmonlari uchun yana bir jozibador manzilga aylandi.
Umumiy qiymati 4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur loyihaning moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati ham faol ishtirok etmoqda. Bank kredit mablag‘lari orqali tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirib, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.
Loyihaning yana bir ahamiyatli jihati uning xalqaro hamkorlik asosida amalga oshirilayotganidir. Xususan, Chexiya texnologiyalari asosida yaxna va salqin ichimliklar ishlab chiqarish sexi tashkil etilgan. Zamonaviy uskunalar Chexiyadan olib kelingan bo‘lib, ish jarayoniga xorijlik mutaxassislar ham jalb etilgan. Bu esa O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi iqtisodiy va texnologik hamkorlik izchil rivojlanib borayotganining yana bir amaliy namunasidir. Bunday sherikliklar mahalliy ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, yangi texnologiyalarni joriy etish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda muhim o‘rin tutadi.
– Bu yerga Chexiya Respublikasidan texnologiya olib keldik, – dedi chexiyalik texnolog David Dvorak. – Biz xom ashyo olib kelamiz va tayyor mahsulot ishlab chiqaramiz. Salqin ichimlikni tayyorlash 10 soat davom etadi. Shundan so‘ng u klassik tarzda 10 kun davomida maxsus idishlarda saqlanadi. Keyin idishlarga quyilib, qadoqlanadi va restoranlarga yetkazib beriladi. O‘zbekiston va Chexiya mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik tadbirkorlik yo‘nalishida ham samarali davom etmoqda.
Aytish kerakki, hozirgi kunda mazkur sexda oyiga 15 tonna salqin ichimlik ishlab chiqarilmoqda. Barcha xom ashyo va uskunalar import qilingan bo‘lsa-da, mahsulotlar mahalliy bozor uchun qayta ishlanib, iste’molchilarga yetkazib berilmoqda. Eng muhimi, ushbu loyiha aholi bandligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Natijada 50 dan ortiq yangi ish o‘rini yaratildi. Shuningdek, ishlab chiqarish sexida ham qo‘shimcha 4 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi.
– Samarqand iqtisodiyot va servis institutida uchinchi kurs talabasiman, – dedi ushbu sexda mehnat qilayotgan ishchi Hamid Abdusalomov. – Hozirda o‘qib, ham ishlayapman. O‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda shu yerda ishlayapman. Ishlab, o‘qishim uchun kontrakt pulimni o‘zim to‘layman. Ham amaliyotda olgan bilimlarimni mustahkamlayapman. Yoshlarga qaratilayotgan bunday e’tibordan juda mamnunman.
Darhaqiqat, tadbirkorlik rivojiga oid bu kabi ijtimoiy loyihalar nainki hudud iqtisodiyotini rivojlantiradi, balki mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlaydi. Samarqandda amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus esa ana shunday ezgu maqsadlarning yorqin ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
N.Usmonova,
O‘zA