Tadbirkorga ishonch –taraqqiyotga yo‘l
Taraqqiyotning eng ishonchli poydevori tashabbusga yo‘l, mehnatga rag‘bat va xususiy mulkka ishonchdir. 2026-yil 18-avgust kuni Xiva shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazgan VI ochiq muloqoti ana shu tamoyilni yangi iqtisodiy vazifalar bilan mustahkamladi. Unda e’lon qilingan tashabbuslar tadbirkorni g‘oyadan barqaror korxonaga, ichki bozordan milliy brend va eksportgacha yetaklaydigan yaxlit tizim sifatida ahamiyat kasb etadi.
Muloqotda mamlakatning barcha hududlaridan qariyb 25 ming tadbirkor qatnashdi. Davlatimiz rahbari 1 million 200 minglik biznes hamjamiyatini Tadbirkorlar kuni bilan tabriklar ekan, ochiq muloqot an’anasi yo‘lga qo‘yilgan besh yil ichida biznes rivojiga to‘siq bo‘lgan minglab masalalar hal etilgani, bu yo‘nalishda 84 ta qonun hamda 861 ta farmon va qaror qabul qilinganini ta’kidladi. Bu raqamlar davlat va biznes o‘rtasidagi muloqot bir kunlik tadbir emas, qarorlarni hayot talabidan kelib chiqib yangilab boradigan doimiy institutga aylanganini ko‘rsatadi.

Uchrashuv iqtisodiyot yuqori sur’atda o‘sib borayotgan bir paytda o‘tkazildi: 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti
8,5 foizga o‘sdi, kichik biznesning YAIMdagi ulushi 50,5 foizni tashkil etdi. Demak, har ikkinchi so‘mlik qo‘shilgan qiymat ortida xususiy tashabbusning hissasi bor. Shu bois muloqotda belgilangan besh ustuvor yo‘nalish – barqaror moliyalashtirish, hududlarda biznes imkoniyatlarini kengaytirish, sun’iy intellektni joriy etish, eksportni kuchaytirish va ma’muriy bosimni kamaytirish butun iqtisodiyotning kelgusi o‘sish sur’atiga daxldor masalalardir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tadbirkorlar “biznesni boshlash” bosqichidan “kapitalni ko‘paytirish” bosqichiga o‘tmoqda. Bu o‘zgarishni raqamlar ham tasdiqlaydi: so‘nggi besh yilda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb uch barobar oshib, 450 trillion so‘mga yetdi, korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyalari ham uch karra ko‘paydi. Sanoat hajmi 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga, xizmatlar hajmi bir trillion so‘mdan oshgan tumanlar esa 41 tadan 152 taga yetdi. Bu raqamlar tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli faqat miqdor jihatidan emas, balki hududlarning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirayotgan kuch sifatida ham ortib borayotganini anglatadi.
Eng muhimi, davlatning tadbirkorlikka yondashuvida yangi falsafa shakllanmoqda. Endi tadbirkorga faqat resurs yoki imtiyoz berish emas, balki uni birinchi qadamidan yirik biznesga aylanguniga qadar kompleks qo‘llab-quvvatlash maqsad qilinmoqda.
“Biznes start”, “Biznes lift” va “Biznes yuksalish” dasturlarining joriy etilishi ana shu yondashuvning amaliy ifodasidir. Yangi tadbirkorlarga tayyor biznes-reja va 200 million so‘mgacha garovsiz kredit berish, 5 milliard so‘mgacha kreditni raqamli tarzda rasmiylashtirish imkoniyati, garov muammosini yengillashtiruvchi “kontr-kafolat” tizimi kabi mexanizmlar kichik va o‘rta biznesning eng muhim to‘siqlarini bartaraf etishga qaratilgan. 10 milliard so‘mgacha kreditlarda tadbirkorning o‘zidan 25 foiz garov topish talab qilinishi esa moliyalashtirish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytiradi.
Bu jarayonda texnologiya alohida o‘rin tutadi. “Sun’iy intellekt – boshqaruv samaradorligi – yangi investitsiyalar” ekotizimini yaratish tashabbusi O‘zbekiston biznesining raqobatbardoshligini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan. “10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” dasturi doirasida AI joriy qilish xarajatlarining 50 foizini kompensatsiya qilish, yangi mahsulotlar uchun sun’iy intellekt modellarini yaratishda superkompyuterdan bepul foydalanish, ilmiy-tadqiqot xarajatlarini qoplash va tayyor AI yechimlarini ochiq platformaga joylashtirish tashabbuslari texnologiyani faqat yirik IT kompaniyalarining emas, balki ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi oddiy tadbirkorning ham amaliy vositasiga aylantirishga xizmat qiladi. Dasturning birinchi bosqichiga kamida 100 million dollar ajratilishi esa bu yo‘nalishning strategik ahamiyatini ko‘rsatadi.
Bugun raqobatning asosiy mezoni resursga egalik qilish emas, undan qanchalik samarali foydalanish bilan belgilanmoqda. Shu ma’noda, sun’iy intellektni ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlariga kiritish tannarxni pasaytirish, mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash va yangi bozorlarni egallashning muhim omiliga aylanadi. Bu esa kelgusida Qashqadaryo kabi katta sanoat va xomashyo salohiyatiga ega hududlar uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi: mavjud resurs va ishlab chiqarish quvvatlarini raqamli boshqaruv, avtomatlashtirish va sun’iy intellekt bilan uyg‘unlashtirish orqali qo‘shilgan qiymatni sezilarli oshirish mumkin.
Muloqotning yana bir strategik yo‘nalishi eksport masalasi bo‘ldi. Bugun tashqi bozor uchun raqobat keskinlashib borayotgan bir sharoitda eksportni faqat mahsulot ishlab chiqarish va uni chetga sotish bilan cheklab bo‘lmaydi. “Eksport navigator” tizimining joriy etilishi, xorijda talab yuqori bo‘lgan 100 ta mahsulot bo‘yicha aniq bozor, tarif va logistika yechimlarini ishlab chiqish, 2 mingta korxonani tashqi bozor talablariga moslashtirish, milliy brendlarni ilgari surish, marketpleyslar va xalqaro tenderlarda ishtirok etish xarajatlarining bir qismini qoplash eksportni tizimli va professional tarzda tashkil etishga o‘tishni anglatadi. Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashning yagona tizimiga kamida 1 milliard dollar yo‘naltirilishi, asosiy va istiqbolli tashqi bozorlarda “eksport elchilari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish esa milliy biznesning xorijdagi manfaatlarini institutsional himoya qilish mexanizmlarini kuchaytiradi.
Shu o‘rinda Qashqadaryo viloyati uchun muloqotda belgilangan strategik vazifalarga alohida to‘xtalish joiz. Prezident mamlakat hududlarining kelgusi o‘sish nuqtalarini ularning mavjud salohiyatidan kelib chiqqan holda belgilab berdi. Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat hamda neft-gaz kimyosida qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish vazifasining qo‘yilishi viloyat iqtisodiyoti uchun prinsipial ahamiyatga ega.
Zero, Qashqadaryoning katta tabiiy-resurs va agrar salohiyati mavjud. Endi asosiy vazifa shu resurslarni xomashyo sifatida sotish yoki dastlabki qayta ishlash bilan cheklanib qolmasdan, ular asosida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishdir. Neft-gaz kimyosida xomashyoni chuqur qayta ishlab, polimerlar, kimyoviy mahsulotlar va sanoat uchun zarur tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan zanjirni shakllantirish, agrosanoatda esa yetishtirishdan qayta ishlash, saqlash, qadoqlash, logistika, brendlash va eksportgacha bo‘lgan yaxlit tizimni barpo etish Qashqadaryoning iqtisodiy qiyofasini sifat jihatidan o‘zgartirishi mumkin.
Boshqacha aytganda, viloyat uchun yangi iqtisodiy formula shunchaki “resurs – mahsulot” emas, balki “xomashyo – chuqur qayta ishlash – yuqori qo‘shilgan qiymat – milliy brend – eksport” zanjiri bo‘lishi kerak. Bunday yondashuv yangi investitsiyalarni jalb qilish, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish, mahalliy tadbirkorlarni yirik ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiya qilish va tashqi bozorlarda Qashqadaryo mahsulotlarining o‘rnini mustahkamlash uchun mustahkam asos bo‘ladi.
Muloqotda kapital bozoriga chiqish masalasi ham shu jarayonning mantiqiy davomi sifatida ilgari surildi. Har yili daromadi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxonani IPOga tayyorlash, xalqaro standartlarga moslashish xarajatlarining bir qismini qoplash orqali xususiy biznes uchun tashqi kapital bozorlariga yo‘l ochish tadbirkorlikni kreditga bog‘liq modeldan kapitalni jalb qilishning zamonaviy modeliga o‘tkazish uchun muhim qadamdir.
Shu bilan birga, yirik investitsiya loyihalarida kadrlar tayyorlash komponentining majburiy etib belgilanishi iqtisodiy o‘sishning yana bir muhim shartini – inson kapitalini birinchi o‘ringa olib chiqadi. Urganchdagi kasbga tayyorlash tajribasini barcha hududlarga tatbiq etish va 1 million nafar yoshni zamonaviy kasblarga o‘rgatish maqsadi texnologiya bilan malakani bir nuqtada birlashtiradi. Zero, uskunani sotib olish mumkin, ammo uni samarali boshqaradigan, yangi mahsulot yaratadigan va bozorni tushunadigan mutaxassisni tayyorlash vaqt hamda tizimli yondashuvni talab qiladi.
Muloqotning yana bir muhim jihati davlat va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy va ma’muriy asoslarini o‘zgartirishga qaratilgan choralardir. Kichik biznesda inson salomatligi va boshqa tadbirkorlar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan tekshiruvlarga uch yillik moratoriy, barcha turdagi jarimalarni o‘rtacha ikki barobar kamaytirish, “birinchi xato uchun ogohlantirish”, kelgusi yildan “tadbirkorning haqligi prezumpsiyasi”ni joriy etish, davlat xizmatlarining 50 foizini “sukut – rozilik” tamoyiliga o‘tkazish, 30 dan ziyod litsenziya va ruxsatnomani bekor qilish hamda yana 35 tasini berish muddatlarini qisqartirish – bularning barchasi biznes muhitida ishonch va xotirjamlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Bu choralarning iqtisodiy ahamiyatini faqat ma’muriy yengillik sifatida baholash kamlik qiladi. Chunki tadbirkor o‘z biznesining ertangi kuniga ishonsa, u ko‘proq investitsiya qiladi, yangi ishchi o‘rinlari yaratadi, texnologiya joriy etadi va uzoq muddatli rejalar tuzadi. Demak, huquqiy kafolat va ma’muriy barqarorlik ham iqtisodiy o‘sishning muhim omilidir.
Xulosa qilib aytganda, VI ochiq muloqotda belgilangan chora-tadbirlarning barchasini bir nuqtada birlashtiruvchi umumiy mantiq bor: davlat tadbirkorga faqat kredit yoki imtiyoz berib qolmayapti, balki kapital, aktiv, texnologiya, bozor, eksport, kadr va huquqiy himoyani bir-biri bilan bog‘laydigan yaxlit iqtisodiy ekotizimni shakllantirmoqda. Bu esa tadbirkorlik siyosatining mazmunidagi jiddiy evolyutsiyadan dalolat beradi.
Joriy yilda yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni 40 milliard dollardan oshirish bo‘yicha belgilangan marralar ham aynan shu modelga tayanadi. Biroq bu raqamlarning haqiqiy qiymati yangi ish o‘rni, yuqori daromad, mahallaning o‘zida mehnat qilish imkoniyati va raqobatbardosh milliy mahsulotga aylanishida namoyon bo‘ladi.
Endi hal qiluvchi masala – ijro. Kredit va kafolat mexanizmlarining tadbirkorga o‘z vaqtida yetib borishi, “tayyor paket” yer maydonlari va davlat aktivlarining ochiq hamda teng shartlarda taklif etilishi, sun’iy intellekt va eksport dasturlarining natijasi esa aniq ko‘rsatkichlar bilan baholanishi zarur.
Tadbirkorga ochilgan yo‘l yangi korxonaga, yangi korxona ish o‘rniga, ish o‘rni esa oila farovonligiga olib boradi. Xivadagi ochiq muloqotning eng katta mazmuni ham shunda: davlat ishonch va imkoniyat eshigini ochmoqda, endi uni hududlarda aniq mahsulot, milliy brend va yangi eksport natijasiga aylantirish barchamizning umumiy vazifamizdir.
Davron KESIMOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA