Surxondaryoda Vazir kubogi uchun o‘quvchi-qizlar to‘p surmoqda
Angor tumanidagi sport maktabida o‘quvchi-qizlar o‘rtasida futbol bo‘yicha “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqa ishtirokchilari kecha Termiz tumanidagi Eldor Shomurodov futbol akademiyasida bo‘lib, zamonaviy ta’lim muassasasida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Mashhur futbolchi nomi bilan ataladigan ta’lim dargohi davlat investitsiya dasturi doirasida 9,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan. Loyiha doirasida bino va inshootlari tubdan ta’mirlanib, o‘quvchilar uchun qulay sharoit yaratilgan. 90 o‘rinli yotoqxona, 45x90 metr o‘lchamda sun’iy qoplamali futbol maydoni, zamonaviy oshxona qurilgan.


Tanishuv yakunida ta’lim muassasasida musobaqa qatnashchilarining qur’a tashlash marosimi ham o‘tkazilib, saralash bosqichi guruhlarida qatnashadigan jamoalar aniqlandi. Jamoalar sardorlariga bellashuv qoidalari tushuntirilib, tegishli tavsiyalar berildi.




Bugun bellashuvning saralash uchrashuvi oldidan Davlat madhiyasi ijro etilib, jamoalarning tayyorgarlik holati ko‘zdan kechirildi. Musobaqaga start berilgach, saralash bahslarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanidagi 10-maktab va Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi 5-maktab jamoalari boshlab berdi.
Musobaqa qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri