Surxondaryoda milliy qadriyatlar targ‘ibotchilari aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Milliy qadriyatlar xalqning ma’naviy qiyofasi, tarixiy xotirasi va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni asrab-avaylashda muhim o‘rin tutadi. Ularni yosh avlod ongiga singdirish, milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini kuchaytirishda ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda «Milliy qadriyatlar targ‘ibotchisi» respublika tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi o‘tkazildi. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi 34-son qarori hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘i asosida tashkil etildi.
Tanlovning dastlabki bosqichida 10–20-iyun kunlari maxsus elektron platforma orqali viloyatdagi 647 nafar nomzod ishtirok etish uchun hujjat topshirdi. Saralash jarayonlari natijasida 26 nafar maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Bellashuv ishtirokchilari «Ma’naviy-ma’rifiy chiqish» va test sinovi shartlari bo‘yicha o‘z bilim va mahoratini namoyish etdi. Tanlovda ishtirokchilarning dunyoqarashi, nutq madaniyati, kasbiy bilimi, shuningdek, zamonaviy axborot va huquqiy savodxonligiga baho berildi.
[gallery-31037]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Boysun tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sherzod Qulmamatov birinchi o‘rinni egalladi. Denov tumanidagi 84-sonli maktabning shu yo‘nalishdagi mas’uli Sherzod Mitanov ikkinchi, mazkur tumanda joylashgan 4-sonli umumta’lim maktabi vakili Nargiza Mustafoyeva uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, viloyat bosqichida eng yuqori natijani qayd etgan Sherzod Qulmamatov tanlovning respublika bosqichida Surxondaryo viloyati sharafini himoya qiladi.
G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tanlov milliy qadriyatlarni keng targ‘ib etish, ularni yosh avlod ongiga singdirish, ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA