Sun’iy intellekt —zarurat
Bugungi kunda yoshlardan shunchaki bilimli bo‘lish emas, balki dunyo bilan raqobat qila oladigan, zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan mutaxassis bo‘lish talab etilmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt kabi strategik yo‘nalishlarda ortda qolish kelajak imkoniyatlarini boy berish demakdir.
Jizzax yoshlar texnoparkida tashkil etilgan amaliy seminar ana shu ehtiyojdan kelib chiqib o‘tkazildi. Unda janubiy koreyalik mutaxassis, professor Kim Sun-Gon ishtirok etib, yoshlarga sun’iy intellektning amaliy ahamiyati va uning turli sohalardagi imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ma’lumki, Janubiy Koreya yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida dunyoda yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi. Professor o‘z ma’ruzasida ushbu davlatning ta’lim, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga sun’iy intellektni izchil joriy etish orqali erishilgan natijalarni misol qilib keltirdi. Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt bu shunchaki dastur emas, balki inson imkoniyatlarini kengaytiruvchi kuchli vositadir.
Seminar davomida yoshlarga sun’iy intellektning ishlash tamoyillari, xalqaro tajribalar sodda va tushunarli misollar orqali yetkazildi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, sanoat va biznes boshqaruvida ushbu texnologiyalarni qo‘llash orqali samaradorlikni oshirish mumkinligi alohida urg‘u bilan tushuntirildi. Bugun sun’iy intellektni bilish xuddi o‘qish va yozishni bilishdek zaruratga aylanib borayotgani ta’kidlandi.
Biroq masalaning ikkinchi tomoni ham bor: bunday seminarlar qanchalik ta’sir qilmoqda? Yoshlar olgan bilim amaliyotga aylanayaptimi yoki bu jarayon hali-hamon ma’ruza doirasida qolib ketayaptimi? Eng katta savol shu yerda.
Bu kabi tashabbuslar bejiz emas. Zero, Prezidentning 2022-yil 28-yanvardagi “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2024-yil 14-oktabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsion fikrlaydigan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni ustuvor vazifa sifatida belgilab bergan. Demak, joylardagi har bir tashabbus bu shunchaki tadbir emas, balki davlat siyosati ijrosining amaldagi ko‘rinishidir.
Jizzax yoshlar texnoparki tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar hududda innovatsion muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Biroq asosiy masala bu bilimlarni amaliyotga tatbiq etish, yoshlarni real loyihalarga jalb qilish va ularni global bozor talablariga moslashtirishdir.
Chunki bugun o‘rganilgan bilim ertaga natija bermasa, u faqat nazariya bo‘lib qoladi. Sun’iy intellektni o‘rganish bu trend emas, bu zarurat. Va bu zaruratga javob berishda kechikishga o‘rin yo‘q.
Abdujalol Qayumov, O‘zA