Sun’iy intellekt, fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik kengaymoqda
Seulda Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida fan, texnologiya hamda sun’iy intellekt bo‘yicha muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu strategik muzokaralar mintaqamizga qanday yangi imkoniyatlar ochishi mumkin?
Davlatimiz rahbarining do‘stona aloqalarni kuchaytirish va mustahkamlashga qaratilgan siyosati natijasida qator sohalarda muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bu esa ijobiy natijalarga erishishga zamin yaratmoqda.
Ana shunday hamkorliklarning uzviy davomi o‘laroq, Seul shahrida Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlarining sun’iy intellekt, fan va texnologiyalar sohasidagi vazirlar darajasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsiyalar ofisi direktori Akbarxon Sobirxonov O‘zbekiston nomidan fan va texnologiyalar yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok etdi. Uchrashuvda Koreya Respublikasi hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, muzokaralar doirasida Koreya va Markaziy Osiyo mamlakatlarining mavjud salohiyatini birlashtirish, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat tashkilotlari va texnologik hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, qolaversa, kelgusidagi hamkorlikni qo‘shma loyihalar va amaliy natijalar bilan boyitish zarurligi qayd etildi.
Yakunda soha uchun muhim kelishuvlarga erishilib, hamkorlikning yangi bosqichlariga umid bildirildi. Bunday tashabbuslar mamlakatlarning nafaqat siyosiy, balki madaniy jihatdan ham bir-biriga yaqinlashtirishi ta’kidlandi.
Sherbek Islomov, O‘zA