Sudya va sud xodimlari bahslashdi
Farmon va ijro
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etilganining 100 yilligi oldidan Xorazm viloyat sudlari sudyalari va sud xodimlari o‘rtasida sportning shaxmat, stol tennis, minifutbol va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada Xorazm viloyat sudlari hamda viloyat ma’muriy sudi sudya va xodimlari ishtirok etdi.
Qizg‘in o‘tgan musobaqalarda shaxmat bo‘yicha 1-o‘rinni viloyat sudining sudya katta yordamchisi Rashid Sopoyev, 2-o‘rinni viloyat sudining sudya katta yordamchisi Izzat Xo‘jayev hamda 3-o‘rinni fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining sudyasi Bobur Abdullayev qo‘lga kiritdi.

Stol tennisi musobaqasi bo‘yicha 1-o‘ringa jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudining sudyasi Elyor Bobojanov, 2-o‘ringa viloyat ma’muriy sudi sudyasi Xursand Xo‘jayev, 3-o‘ringa jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudining sudyasi Dilshod Naimov sazovor bo‘ldi.

Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan shashka musobaqasida 1-o‘rinni Urganch tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Nilufar Allaberganova, 2-o‘rinni viloyat sudining arxiv mudiri Ra’no Atajanova va 3-o‘rinni viloyat sudining sudya katta yordamchisi Shahnoza Qurbanniyazova egalladi.

Minifutbol bo‘yicha sud terma jamoalari o‘rtasidagi murosasiz bahslarda 1-o‘rinni viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati jamoasi, 2-o‘rinni viloyat sudining fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari jamoasi, 3-o‘rinni Qo‘shko‘pir, Xiva, Shovot tumanlari va Xiva shahar sudlari terma jamoasi qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunida g‘oliblarga viloyat sudi raisi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri