Sudan: urush girdobida ko‘z ochgan millionlab taqdirlar
Sudanda davom etayotgan qurolli mojaro millionlab bolalar taqdiriga jiddiy tahdid solmoqda. Xalqaro tashkilotlar bayonotlarida qayd etilishicha, ushbu o‘lkada har daqiqada uch nafar chaqaloq urush va og‘ir gumanitar inqiroz sharoitida dunyoga kelmoqda.
“Save the Children” xalqaro xayriya tashkiloti Sudanda davom etayotgan ayanchli gumanitar holat yuzasidan dunyo hamjamiyatini jiddiy ogohlantirdi. Tuzilma ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning aprel oyida Sudanda qurolli to‘qnashuvlar boshlanganidan buyon mamlakatda 5,6 million chaqaloq dunyoga kelgan. Bu har kuni o‘rtacha 5 ming nafar, har daqiqada esa kamida uch nafar bola urush girdobida ko‘z ochayotganini anglatadi. Biroq bu go‘daklar “hech bir bola duch kelmasligi kerak bo‘lgan” o‘ta xavfli va ayanchli sharoitlarda tug‘ilmoqda.
Mamlakatda keng tarqalgan zo‘ravonliklar, fuqarolik infratuzilmasiga qilinayotgan hujumlar va asosiy tibbiy xizmatlarning izdan chiqishi millionlab onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hayotini xavf ostida qoldirmoqda. Ko‘plab ayollar vayron bo‘lgan shifoxonalarda yoki haddan tashqari gavjum vaqtinchalik boshpanalarda farzand dunyoga keltirishga majbur bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, Sudandagi og‘ir iqtisodiy inqiroz sababli millionlab odamlar kuniga atigi bir mahal ovqat bilan kun kechirayotgani ona va bola salomatligini yanada zaiflashtirmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA