Sud faoliyatining samaradorligi oshiriladi
Yangi farmon
Mamlakatimizda sud-huquq islohotlari bosqichma-bosqich, izchillik bilan davom etmoqda. Qabul qilinayotgan har bir qonun hujjatlari puxta o‘ylangan, o‘z vaqtida va dolzarb ekanligini tan olish kerak.
Joriy yilning 24 noyabr kuni Prezidentimizning “Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, sudyalar hamjamiyati organlarining rolini tubdan oshirish, sud organlarini ochiq va shaffof tartiblar asosida malakali kadrlar bilan to‘ldirish, sud mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish maqsadida qabul qilingan ushbu hujjat tarixiy ahamiyatga ega.
Farmonda uchta ustuvor vazifa belgilangan: sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi, ochiqlikni oshirish, sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish.
Sud-huquq islohotlarining oldingi bosqichida sudyalarni avval besh yillik, keyin o‘n yil, undan keyin muddatsiz davrga tayinlash (saylash) joriy qilingan edi. Endilikda sudyalarni navbatdagi o‘n yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibi bekor qilinib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi belgilandi.
Sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlari qonun darajasida belgilanishi ham muhim yangilik bo‘ldi.
Sudyalar oliy kengashning doimiy tarkibiga Oliy suddan ikki nafar, viloyat darajasidagi sudlardan yetti nafar, tumanlararo, tuman, shahar sudlaridan to‘rt nafar sudya kiritilishi turli darajadagi sudlar manfaati va tajribasi teng ishtirok etishini ta’minlaydi.
Farmon bilan Kengash raisiga qo‘shimcha vakolatlar berildi. Agar intizomiy ish asossiz tugatilgan yoki jazo noto‘g‘ri qo‘llangan deb topilsa, u malaka hay’ati qarorlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin. Shuningdek, Kengashning tuzilmasi va shtat jadvalini belgilangan shtat birliklari doirasida mustaqil tasdiqlaydi.
Farmonda sudyalar va sud xodimlari kunini belgilash alohida ko‘rsatilganligi barcha hamkasblar tomonidan iliq kutib olindi.
Sud tizimida gender tenglikni ta’minlash, Odil sudlov akademiyasida xotin-qizlar uchun kvota belgilash, O‘zbekiston ayol sudyalar assotsiatsiyasini tashkil etish ayol sudyalar ko‘payishiga katta zamin yaratadi.
Odil sudlov akademiyasiga katta mehnat tajribasiga hamda ilmiy salohiyatga ega sudyalar professor-o‘qituvchi lavozimiga tayinlanishi mumkin. Bunda sudya Akademiyadagi pedagogik faoliyati tugagandan so‘ng uning muqaddam ishlagan sudyalik lavozimida ishni davom ettirishi yoki avvalgisiga teng boshqa sudyalik lavozimiga o‘tkazilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon sudyalar hamjamiyati faoliyatining samaradorligi, ochiqligi va sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirishga, pirovardida odil sudlovni amalga oshirish orqali xalqni rozi qilishga xizmat qiladi.
Olim HAYITOV,
Samarqand viloyat sudi raisi.
O‘zA