“Stipendium Hungaricum” dasturi stipendiatlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
“Stipendium Hungaricum” — Vengriya hukumati tomonidan xalqaro talabalar uchun taqdim etiladigan nufuzli va to‘liq moliyalashtiriladigan davlat granti dasturi. Grant to‘liq kontrakt to‘lovidan ozod qilish, oylik stipendiya, bepul yotoqxona (yoki ijara uchun pul) va tibbiy sug‘urtani o‘z ichiga oladi. Butun o‘qish davri uchun to‘liq qoplanadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida 2026/2027 o‘quv yilida “Stipendium Hungaricum” stipendiya dasturi doirasida ta’lim olish huquqini qo‘lga kiritgan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda vazirlik mutasaddilari, O‘zbekistondagi Vengriya Favqulodda va muxtor elchisi Jo‘zsef Roja hamda tanlov komissiyasi a’zolari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida stipendiatlarga xorijda tahsil olish jarayonida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun malakali kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari hamda ta’lim jarayoniga oid muhim tavsiyalar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, yoshlarning o‘zaro muloqot qilishi va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashi uchun imkoniyat yaratildi.
Qayd etish lozimki, 2026/2027 o‘quv yilida “Stipendium Hungaricum” dasturi bo‘yicha 110 nafar o‘zbekistonlik yosh Vengriyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi, 2019/2020 o‘quv yilidan buyon 533 nafar yosh ushbu stipendiya sohibiga aylandi. Bundan tashqari 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab grantlar kvotasini yiliga 200 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA