Stadionni larzaga keltirgan o‘yin
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionati Superligasining 14-tur bahslari Namanganda davom etdi. Davlatobod tumanidagi “Markaziy” stadionda kechgan bellashuvda “Navbahor” jamoasi Muborakning “Mash’al” jamoasi bilan kuch sinashdi.
O‘z maydonidagi so‘nggi uchrashuvlarni ko‘tarinki saviyada o‘tkazayotgan “Lochinlar” bu safargi raqibiga gollar shodasini taqdim etdi. Mezbonlar g‘alaba taqdirini birinchi bo‘limning o‘zidayoq hal etshdi. 7-daqiqada jarima zarbasidan boshlangan hujumni Alisher Odilov maromiga yetkazib, hisobni ochdi. Oradan 15 daqiqa o‘tgach mezbonlar penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ruslanbek Jiyanovning hujumini bartaraf etish chog‘ida “Mash’al” posboni Dostonbek To‘xtaboyev o‘z jarima maydonchasi ichida qo‘pollik yo‘l qo‘ydi. 11-metrlik nishondan unumli foydalanildi. Shundan so‘ng “Navbahor” futbochilari ikki daqiqa ichida ikkita gol urishga erishdi. Avvaliga, 37-daqiqada Ruslanbek Jiyanovdan ajoyib “super pas”ni qabul qilib olgan Zabihillo O‘rinboyev hisobni yirik ko‘rinishga keltirigan bo‘lsa, 39-daqiqada yuzaga kelgan yana bir xavfli vaziyatda Abbos G‘ulomov o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.

Maydon egalari g‘alabani “cho‘ntakka naqd qilishgan” bo‘lsada, ikkinchi bo‘limda ham o‘yin susaymadi. 54-daqiqada Abbos G‘ulomov o‘yinda faolligi bilan alohida ajralib turgan milliy terma jamoa a’zosi Ruslanbek Jiyanovning aniq to‘p uzatishidan so‘ng, “dubli”ni rasmiylashtirdi. Ushbu goldan keyin maydondagi shiddat biroz tingandek ko‘rindi. Biroq bunga zaxiradan maydonga tushgan legioner Augusto Pedro ko‘ngani yo‘q. Golga chanqoqligini namoyon etgan braziliyalik hujumchi uchrashuv tugashiga olti daqiqa qolganda vohaliklar darvozasini ishg‘ol qilib, barchasiga nuqta qo‘ydi. “Navbahor” – “Mash’al” 6:0.
– O‘yinga qadar juda ko‘p xavotirlangandik. “Mash’al” jamoasining himoyada muammolari borligini bilardik. Ular vertikal futbolda yaxshi o‘ynaydi, ammo biz sxemani o‘zgartirdik. Hisob 6:0, menimcha, ko‘p narsa gapirish shart emas. Juda yaxshi g‘alaba bo‘ldi, – deydi quvonch bilan “Navbahor” bosh murabbiyi Sergey Lushan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida.

Shuningdek, Sergey Lushan klubning davralar oralig‘idagi yozgi transfer siyosatida qanday yangiliklar bo‘lishi bilan bog‘liq masalaga ham oydinlik kiritdi:
– Albatta, tarkib kuchayishini istayman. Mavsum avvalida bizda aniq bir maqsad yo‘q edi, hozir esa yaxshi natija qayd etishimiz mumkin. Maqsadimiz oddiy yetmish foiz tarkibimizni mahalliy futbolchilardan yig‘ish va ikki mavsumdan so‘ng, chempion bo‘lish. Buning uchun esa yigitlarni o‘ynatish kerak.

Ajoyib g‘alabadan so‘ng Sergey Lushan boshchiligidagi “Navbahor” klubi 26 ochko bilan musobaqa jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Namanganlik futbolchilar navbatdagi uchrashuvlarni – kubok nimchorak finali doirasida 2 iyul kuni Jizzaxda “Xorazm” klubiga va superliganing navbatdagi turida Toshkentda 6 iyul kuni “Paxtakor” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.