Sohibqironning ibrat maktabi
Buxoro tumanidagi Zarmanaq mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “N” harbiy qismda buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Sohibqiron harbiy san’ati – ibrat maktabi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda bir yillik harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar, ofitserlar va serjantlar faol ishtirok etib, Sohibqironning boy harbiy merosi, uning noyob strategik tafakkuri hamda davlatchilik borasidagi qarashlari haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Ayniqsa, Amir Temurning harbiy yurishlari, qo‘shinlarni boshqarishdagi o‘ziga xos uslubi, jang maydonida intizom va tartibni ustuvor qo‘ygani, murakkab vaziyatlarda tez va to‘g‘ri qaror qabul qila olish qobiliyati tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Uning kam sonli qo‘shin bilan yirik kuchlarga qarshi muvaffaqiyatli janglar olib borgani yosh harbiylar uchun haqiqiy ibrat maktabi ekani ta’kidlandi. Tadbir davomida sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, savol-javoblar orqali mavzu yanada chuqurroq ochib berildi.

Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir yosh askarlarda milliy tariximizga hurmat, buyuk ajdodlarimiz merosiga sadoqat hamda Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.


Amir Temur merosini chuqur o‘rganish, uning harbiy va hayotiy tajribasidan samarali foydalanish bugungi harbiy xizmatchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Zero, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros Vatan himoyasida mustahkam tayanch va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.