Sirdaryolik atlet Finlyandiyada bronza medalini qo‘lga kiritdi
Finlyandiyaning Laxti shahrida 2026-yil 10-iyun kuni yengil atletika bo‘yicha nufuzli xalqaro turnirlardan biri sanalgan Motonet GP Lahti musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning bir qator mamlakatlaridan kelgan kuchli sportchilar qatorida O‘zbekiston vakili, sirdaryolik atlet Ibrohim Mahkamov ham ishtirok etdi.
Uch hatlab sakrash bahslarida yuqori mahorat namoyish etgan hamyurtimiz o‘zining eng yaxshi urinishida 15 metr 98 santimetr natija qayd etib, musobaqaning bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu natija unga kuchli raqobat kechgan bellashuvlarda shohsupadan o‘rin egallash imkonini berdi. Musobaqada AQSH sportchisi Salif Mane 16 metr 52 santimetr natija bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Italiya vakili Federiko Lorenso Bruno 16 metr 51 santimetr ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.
Xalqaro maydonda qo‘lga kiritilgan mazkur yutuq Ibrohim Mahkamovning sportdagi o‘sish sur’ati va salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Ushbu natija mamlakatimizda yengil atletikani rivojlantirish, iqtidorli yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi sifatida ham e’tirof etilmoqda.
— Ushbu natija nafaqat mamlakatimizda, balki Sirdaryo viloyatida ham yengil atletikani rivojlantirish, iqtidorli yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy samarasi bo‘ldi. Asosiysi, Ibrohim Mahkamovning Finlyandiyada qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati zamirida yurtimizda sportga qaratilayotgan yuksak e’tibor, shuningdek, uning yaqinlari va ustoz-murabbiylarining beg‘araz mehnati va bevosita hissasi mujassam. O‘ylaymanki, mazkur natija nafaqat Ibrohimning o‘ziga, balki u singari yosh sportchilarimizga ham kelgusida qit’a va jahon chempionatlarida yanada katta yutuqlarga erishishda kuchli ruhiy turtki bo‘lib xizmat qiladi, — deydi Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov.
G‘ulom Primov, O‘zA